Hokimlar tegishli Xalq qabulxonalariga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini ko‘radi, murojaatlar tahlilini olib boradi;
b) vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi;
v) kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilish, ularni tahlil qilish, aniqlangan tizimli muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimliklarda doimiy faoliyat olib boradigan ishchi guruhlar tashkil etiladi hamda ularga davlat organlari va tashkilotlarining shaxsan birinchi rahbarlari boshchilik qiladi, ishlab chiqilgan takliflarni har uch oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash holati bo‘yicha har olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklarning reytingi ochiq e’lon qilib boriladi. Reytingda murojaatlar salmog‘i, ularni hal etish darajasi, muddatlarga rioya etilganligi, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tizimga kiritilgan materiallar qayta ijroga yuborilishi, takroriyligi kabi mezonlar aks ettiriladi;
d) davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat o‘rnatiladi;
j) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tomonidan har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali murojaatlar bilan ishlash faoliyati, hududda muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, kelgusida bajariladigan ishlar va rejalar haqida keng jamoatchilikka batafsil axborot beriladi;
z) jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va "mahalla yettiligi" ishtirokida o‘rganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi;
i) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlari, shuningdek, "mahalla yettiligi" a’zolarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati tegishlicha Xalq qabulxonalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
O‘zA