Hokimga murojaat qilish soddalashtirildi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning murojaat boti, hokimlikning yangi rasmiy veb-sayti hamda logotipi ishga tushdi.
Bugun aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish har qachongidanda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlashda veb-saytlarning o‘z o‘rni bor.
Bugungi kunda rasmiy maqomga ega bo‘lgan viloyat hokimligining veb-sayti nafaqat viloyat hamda respublika, shuningdek, xalqaro miqyosda ham Navoiy viloyati haqida dastlabki ma’lumotlarni olish mumkin bo‘lgan yagona manba hisoblanadi.

– Viloyat hokimligining sayti Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 355-sonli qaroriga asosan 2015-yilda yaratilgan edi, – deydi viloyat “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish” DUK rahbari Xurshid Farmonov. – Saytdagi ayrim ruknlar ma’nan eskirgan va ayrim bo‘limlari bugungi kunda texnik ishlovga muhtoj edi. Hozir taqdimot qilayotgan yangi saytimizni mobil telefoningizda bemalol kuzatishingiz mumkin. Dizayni yangilangan saytda foydalanish qulay va sodda bo‘lib, nogironligi bo‘lgan aholi uchun ham, ko‘zi ojiz insonlar uchun ham harflarni kattalashtirib o‘qish imkoniyati bor. Ovoz jo‘rligida o‘qish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida veb-caytda “Ochiq ma’lumotlar”, “Byudjet to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar” “Jamoatchilik kengashi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, har chorakda ahamiyatga molik ochiq ma’lumotlar joylashtirilib boriladi. Jumladan, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari, davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar, qurilishi tugallanmagan obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, qilingan davlat xaridlari, mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi va boshqa ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud. Shuningdek, har-bir mansabdor shaxs bo‘yicha ma’lumot, mehnat faoliyati, majburiyatlari, qabul kunlari, bog‘lanish uchun telefon raqamlari kiritilgan.

Ushbu sayt uch tilda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yaratilgan bo‘lib, hozirgi kunda o‘zbek (lotin tilida) ma’lumotlar to‘liq joylashtirilgan. Qolgan tillarda ham ma’lumotlarni yangilab borish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilmoqda.
Rasmiy veb-saytda “Onlayn maslahatchi” bo‘limi bo‘lib, aholi bemalol o‘z taklif va murojaatldarini yozma jo‘natadi. Ushbu murojaatlarni alohida nazoratga olib, ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul biriktirilgan.

Uchrashuvda viloyat hokimining murojaat botiga xabar jo‘natish, nazoratga olish va ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan jarayon misollar yordamida ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, hokimlikning logotipi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar bayon qilindi va har bir element yuzasidan tushuntirish berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri