Hokim yordam qo‘lini cho‘zdi (+video)
Bundan bir necha kun avval Namangan shahrining “Yangi yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Akmaljon Dadaxonovga tegishli xonadonda ko‘ngilsiz hodisa ro‘y berishi tufayli uyning barcha xonalari va jihozlari yonib ketgan.
Ushbu ko‘ngilsizlikdan xabar topgan Namangan shahri hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev jabrlangan xonadonga kelib, Akmaljon Dadaxonov va uning oilasini yo‘qladi. Hokim yong‘in oqibatida kelib chiqqan zararni bartaraf etish va yashash uchun qulay sharoitlarni tiklash yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini va hokimlik hamkorligida uyning asosiy qismini ta’mirlash ishlari olib boriladigan bo‘ldi.

Xalqimiz o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlik bu kabi vaziyatlarda yanada namoyon bo‘ladi. Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa sababli xonadonda ro‘zg‘or buyumlari ham qolmagan fuqaroning uyiga shahar hokimining ko‘rsatmasiga asosan saxovatpesha homiylar hamda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Namangan shahridagi vakili, shahar bosh imom-xatibi Abdullo Samatov tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or buyumlari taqdim qilindi.
Ayni vaqtda mazkur xonadonda shahar obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan tozalov ishlari olib borilmoqda.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA