Hokim bitiruvchi-yoshlar bilan muloqot qildi
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov oliy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli yakunlagan, faolligi va tashabbuskorligi bilan boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan yosh mutaxassislar bilan uchrashdi.
Ochiq muloqotda viloyat rahbari mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning orzu-istaklarini, g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Yosh mutaxassislarga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yigit-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr almashdi.


– Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tayanch bo‘lish – har bir rahbarning muhim vazifasiga aylandi, – dedi Ulug‘bek Qosimov. – Men ham, barcha rahbarlar ham sizlarga yordamchi, yaqin maslahatchi bo‘lamiz. Zamonaviy oliy o‘quv dargohlarida egallagan kasbingizni ulug‘lab, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishga o‘z hissangizni qo‘shishingizga ishonamiz.


Muloqotda yoshlarning fikr va takliflari tinglanib, ularni amalga oshirish, bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalalari muhokama etildi. Bildirilgan takliflar asosida aniq vazifalar belgilab olindi.
Joriy yil Surxondaryo viloyatida 15 ming 700 dan ortiq yigit-qiz oliy ta’lim muassasalarini tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Uchrashuvda hokim o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilot, korxonalar rahbarlariga bitiruvchi yoshlar biriktirilib, ularning bandligini ta’minlash vazifasi yuklatildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri