Hisobchining kirdi-kori fosh bo‘ldi
Kishi boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, “aqli raso” bo‘lib, pushaymonlik o‘tida yonadi. Ungacha “shayton” ning etagiga yopishganini xayoliga ham keltirmaydi. Termiz shahridagi maktab internati bosh hisobchisi J.P ham bosar-tusarini bilmay, bir muddat “bazmu jamshid” qiladi. Ammo uning bu “yallosi” uzoqqa cho‘zilmadi. Mansabidan foydalanib, “nafs o‘pqoni” degan illat domiga tushgan J.P hamma narsaning tosh-tarozisi borligini ancha kech anglab yetdi.
U 2017 yil yanvar oyidan 2022 yil mayigacha majburiy ushlanmalardan tashqari, o‘zining va maktab xodimlarining nomiga moddiy yordam va rag‘bat pullarini Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275–qarori talablariga zid hisoblab, ish haqi qaydnomalariga soxta ma’lumotlar kiritadi. Maktab-internatning mehnat shartnomasi bekor qilinib, ishdan bo‘shatilgan xodimlarga ham hech ikkilanmay ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblab, 304 million 379 ming so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qiladi. Davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazadi.
Besh yil davomida raqamsiz to‘lov qaydnomasi orqali asossiz ravishda o‘z nomiga mablag‘larni o‘zlashtirishning hadisini olgan hisobchi 2018 yil ishdan bo‘shab ketgan farroshdan tortib o‘qituvchilarning nomiga ham ish haqi va boshqa rag‘bat pullarini yozib bemalol “hazm” qilib yuradi. Jumladan, 2017 yil 12 holatda 21 million 688 ming so‘mdan, 2018 yil 8 holatda 44 million so‘mdan ortiq, 2019 yilda 10 holatda 74 million so‘mdan, 2020 yilda 35 million so‘mdan, 2021 yil 7 holatda 43 million so‘mdan naqd pul mablag‘ini hech qanday asossiz chiqim qilib o‘zlashtirib yuboradi. Eng ajablanarlisi, nafaqat maktab direktori balki, o‘qituvchilar ham go‘yo “qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan” mo‘mingina hisobchining xufiyona qilmishlaridan bexabar qoladi.
Afsuski, ko‘za kunda emas, kunida sindi. Nafsi hakalak otgan hisobchining sirlari fosh bo‘ldi. Qilni qir yoradigan taftishchilar nafsi hakalak otgan hisobchining moddiy rag‘bat pullari, majburiy ushlanmalarni o‘zlashtirib ketganini fosh etdi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanib, sud kursisidan joy oldi.
Sudda J.P maktabda hech kim naqd pul va plastik kartaga o‘zlashtirayotgan mablag‘larni bilmagani, biron bir kishi bilan jinoiy til biriktirmagani, ushbu vedomostlarning barchasini o‘zi tayyorlagani, tergov chog‘ida yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplab bergani haqida ko‘rsatma berib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytdi. O‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Ha, o‘zlashtirilgan mablag‘lar davlat foydasiga qaytarildi. Biroq, ta’lim tashkilotining mablag‘ini o‘zlashtirib yuborgan hisobchi tegishli jazo oldi. Unga 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri