Hindiston va Xitoy muzokara o‘tkazadi
Chorshanba kuni Hindiston va Xitoy Ladakx chegarasi yuzasidan muzokaraning 14-raundini o‘tkazadi.
“Indian Ekspress” gazetasi Hindiston Mudofaa vazirligidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, muloqot 12 yanvar kuni Chushul Moldo chegara punktida Hindiston Qurolli Kuchlari va Xalq qo‘shinlari armiya korpusi qo‘mondonlari darajasida bo‘lib o‘tadi. Xitoy ozodlik armiyasi avvalroq tomonlar muzokaraning 14-raundini o‘tgan yil dekabr oyi ikkinchi yarmida o‘tkazishni rejalashtirganini aytgandi.
"Hindiston Sharqiy Ladakxdagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan masalani hal qilish uchun Xitoy bilan konstruktiv muloqotni intiqlik bilan kutmoqda", dedi Hindiston mudofaa tizimiga tegishli manba.
Hindiston-Xitoy o‘rtasidagi Ladakx chegarasidan qo‘shinlarni olib tashlash bo‘yicha muzokaraning 2021 yil 10 oktyabrda bo‘lib o‘tgan 13-raundi besamar yakunlandi. Shundan so‘ng Hindiston tashqi ishlar vazirligi muammoga “bu mintaqada tinchlik va osoyishtalikni, ikki tomonlama kelishuvni to‘liq hurmat qilgan holda” tezroq yechim topish zarurligini qayd etdi.
Himolay tog‘ida chegara yo‘qligi Hindiston va Xitoy o‘rtasida anchadan buyon keskin munosabatga sabab bo‘lmoqda. 2020 yil bahorda ikki davlat armiyasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaydi. Ladakxdagi keskinlikni bartaraf etish maqsadida Hindiston va Xitoy hududga og‘ir artilleriya, tank, havo hujumidan mudofaa tizimi va samolyot joylashtirdi. 2021 yil fevral oyida bir qator harbiy va diplomatik darajadagi muzokaradan so‘ng Pekin va Nyu-Dehli chegaradagi bahsli hududdan qo‘shinlarni olib chiqa boshladilar, Faqat jarayon hali to‘liq yakunlanmagan.