Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda uning tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida bir qator tadbirlar o‘tkazildi, mehr va e’tiborga muhtoj, nogironligi bor fuqarolar holidan xabar olindi.
– O‘zgalarga mehr-saxovat ko‘rsatish, muhtojlarga ko‘mak berish xalqimizning asrlar osha davom etib kelayotgan qadriyatlaridandir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘lim boshqaruv raisi B. Tursunov. – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarimiz ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.
Fondning viloyat bo‘limi boshqaruvi tomonidan Bo‘ston tumanidagi Obod, Mustaqillikning 15 yilligi, G‘olib, Madaniyat, Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga "Mahalla tayanchi" MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan yotoq jamlanmalari hamda esdalik sovg‘alari ulashildi.
Fondning Buloqboshi tumani bo‘linmasi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan tumanda istiqomat qilayotgan nogiron bolalar holidan xabar olinib, ularga jamg‘arma tomonidan tayyorlangan oziq-ovqat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-9840]
Xo‘jaobod tumanida ushbu sana munosabati bilan tuman hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ko‘zi ojiz, nogironligi bor nuroniylar ishtirok etdi. Ularga bayram dasturxona uyushtirilib, sovg‘a-salomlar ulashildi.
Asaka tumani "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi xodimlari Xalq deputatlari Asaka tumani kengashi deputatlari bilan birgalikda tumanda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar holidan xabar olib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari, esdalik sovg‘alari tarqatdi.
Andijon tumani hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Saxovat karvoni” tadbirida tumandagi 78 ta mahallada yashayotgan, vasiylikka olingan, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olindi. Ro‘yxat asosida ana shu fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlapri hamda ko‘mir tarqatildi.
Nogironligi bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bu kabi saxovat tadbirlari fondning barcha tuman va shahar bo‘limlari tomonidan yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA