Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas!
Bu dunyoda baxtiyor, saodatmand yashash – har bir inson orzusi.
Bu dunyoda baxtiyor, saodatmand yashash – har bir inson orzusi. Bu yo‘lda har kim kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qiladi, izlanadi, talpinadi. Lekin hammaga ham taqdirida bitilganidan ortig‘i bo‘lmaydi.
Ammo peshonasiga yozilganiga rozi bo‘lmasdan, yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar, sharoitlarga qanoat qilmasdan mo‘may daromad ilinjida chet ellarga ish izlab ketayotgan yurtdoshlarimiz, afsuski, terrorchi to‘dalarning g‘alamislari tuzog‘iga tushib qolganini kech anglab yetishmoqda.
Esingizda bo‘lsa, shu yil Ramazon hayiti arafasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev topshirig‘iga asosan “Mehr” nomli tadbir doirasida 156 nafar yurtdoshimiz Yaqin Sharq mamlakatlaridagi olovli janggohlardan mamlakatimizga qaytarilgan edi.
Yaqinda “Mehr-2” nomli insonparvarlik tadbiri natijasida 64 nafar bola Vatanimizga olib kelindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ota-onalari Iroq davlatiga terrorchilik guruhlari va taqiqlangan tashkilotlar tarkibida bo‘lganliklari sababli 10-20 yilga, ayrimlari esa umrbod ozodlikdan mahrum etilibdi.
Bu norasidalarda nima ayb?! Ular shu paytgacha o‘zbekistonlik boshqa tengdoshlari qatori shu aziz yurtdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil olishlari mumkin edi-ku! Nahotki, kattalar, ya’ni ota-onalar shuni anglab yetmagan bo‘lsalar!
Yaqinda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirilgan ana shu bolalardan bir guruhi bilan muloqot qildik. Qaqrab-qurib borayotgan gulga, chechakka suv quysangiz, yana sekin-asta ko‘kara boshlagani kabi bu bolajonlar ham tinch diyorga qaytganidan mamnun ekanligini ularning ko‘zlaridan anglash mumkin. Endi ular jajjigina yuraklarini larzaga soluvchi mudhish o‘q tovushlarini eshitmasdan, sokin xotirjam diyorda unib-ulg‘ayadilar.
Muqaddas Islom dinida jamiyatning har bir a’zosiga, kim bo‘lishidan qat’i nazar, alohida e’tibor bilan qaraladi. Maxluqni, ya’ni insonni Xoliq tufayli yaxshi ko‘ramiz. Chunki barchamizning yaratuvchimiz yakkayu yagona Alloh taolo.
Har bir inson hurmat-ehtiromga loyiq. Mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj, ota-onasidan ayrilgan yetimlarga ikki karra ko‘proq mehr ulashish dinimizning asosiy ko‘rsatmalaridan. Bejiz Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:
عَنْ سَهْلٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ:
“ أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فِي الْجَنَّةِ هَكَذَا ”وَأَشَارَ بِالسَّبَابَةِ وَالْوُسْطَى وَفَرَجَ بَيْنَهُمَا شَيْئًا
Ya’ni: “Men va yetimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi”, dedilar va ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar” (Imom Buxoriy rivoyati), demaganlar.
Bugun juda xunuk eshitiladigan ibora – “tirik yetimlar” so‘zi quloqqa bot-bot chalinyapti. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir, o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi!?
Vaholanki, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ:
“ خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتُ فِيهِ يَتِيمٌ يَحْسَنُ إِلَيْهِ . وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتُ فِيهِ يَتِيمٌ يَسَاءُ إِلَيْهِ ”
“Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda bo‘lingan uydir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Shu hadisi sharifdan kelib chiqib aytish mumkinki, bir emas, o‘n emas, 64 nafar ma’sum bolaga boshpana bo‘lgan jannatmonand O‘zbekiston, hech shubhasiz, Yer yuzidagi eng yaxshi ma’vodir.
Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qonli to‘qnashuvlardan, janggohlardan 64 nafar bolani tinch-osuda yurtga qaytarishning savobi juda ulug‘, ota-onasidan, yaqinlaridan ayrilgan bolalarni otaliqqa olishning ajri juda yuksak. Albatta, bunday yurtga Alloh taoloning rahmati, fayzu barakasi yog‘ilishi shubhasiz.
Mirodil MIRJALILOV,
Qibray tumani bosh imom-xatibi