“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi!”
Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilning 20 yanvaridan 20 martiga qadar o‘tkazilayotgan mazkur huquqiy aksiya doirasida Samarqand viloyatida xatlov ishlari davom etmoqda.
Xususan, Ishtixon, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlari davlat xizmatlari markazlari va FHDYO bo‘limlari xodimlari ayni paytda mahalallar va tegishli idoralarga borgan holda aholi muammolarini o‘rganishmoqda.


Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, huquqiy aksiya doirasida tug‘ilishi qayd etilmaganligi oqibatida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan, yaqin qarindoshining o‘limi qayd etilmagan, tug‘ilganligi yoki yaqin qarindoshining o‘limi haqidagi tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lmaganligi sababli yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim bo‘lgan, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatdan o‘tkazishda yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda hamda ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslarga yordam berilmoqda.


Aniqlangan muammolar, murojaatlar natijasiga ko‘ra, fuqarolarning tug‘ilganligi qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi. Yaqin qarindoshlarining o‘limi qayd etilib, guvohnoma (ma’lumotnoma)lar beriladi, shuningdek, tug‘ilish yoki o‘lim haqidagi faktlarni belgilash yuzasidan sudlarga arizalar kiritiladi va sud hujjati asosida tug‘ilish (o‘lim) qayd etib beriladi. Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashiladi, ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslarga vakolatli organlar bilan birgalikda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri