Hayotning har lahzasi go‘zal
Farg‘onada O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon xotirasi va ijodiy merosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Farg‘ona davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, olimlar, Tojikiston, Qozog‘iston, Hindiston davlatlaridan mehmonlar, shoirning oila-a’zolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anvar Obidjon sevimli bolalar adibi, o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri edi. Yurtimizda so‘ngi ellik yillikda biror bola yo‘qki uning hikoyalari va she’rlarini eshitib ulg‘aymagan bo‘lsa. U yozgan she’rlar, hikoyalar har bir vatandoshimizning xonadoniga kirib bordi. Anvar Obidjon yaratgan timsollar bolalarning qahramoniga aylandi. Shoir o‘zidan katta ma’naviy meros qoldirdi. Umrini yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirish, har tomonlama barkamol inson bo‘lib yetishishiga bag‘ishladi. Adabiyot yo‘nalishida eng qiyin va zahmatli bo‘lgan bolalar adabiyoti yo‘nalishini tanlab, unga yangidan ruh berdi, yangi darajaga olib chiqdi. O‘zbek adabiyoti oltin fondini uning asarlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
“Ona yer“, “Ey, yorug‘ dunyo“, “Olovjon va uning do‘stlari“, “Bezgakshamol“, “Akang qarag‘ay Gulmat“, “Masxaraboz bola“, “Juda qiziq voqea“, “Yerliklar“, “Meshpolvonning janglari“, “Alamazon va Gulmat hangomasi“, “Ajoyibxona“, “Oltiariq hangomalari“, “Odobli bo‘lish osonmi?“, “Tanlangan she’rlar“, “O‘g‘irlangan pahlavon“, “Bahromning hikoyasi“ kabi doston, qissalar, she’rlar, pesalar va hajviy asarlardan iborat to‘plamlar muallifidir. Uning “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi“, “Topsang hay-hay“, “Qorin botir“ kabi bir qator asarlari mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirilgan. Adib 1997 yilda “Shuhrat“ medali, 2011 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan.
Oltiariq tumani madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan "Hayotning har lahzasi go‘zal" deb nomlangan tadbir adabiyot, ma’naviyat bayramiga aylandi. Unda “Anvar Obidjon ijodiyot haftaligi” doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Shoirning she’rlaridan namunalar o‘qilib, madaniy dastur namoyish etildi.
[gallery-12140]
– O‘zbekiston buyuk tamaddunlar beshigidir, – deydi Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti dotsenti Baxtiyor Fayzulloyev. – Uning tuprog‘ida ulg‘aygan allomalar, mutafakkirlar, olimu fuzalolar yaratgan kashfiyotlardan butun dunyo hali hanuz hayratlanadi. O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ham ana shu zaminda kamol topib, elning suyukli adibiga aylangan edi. Uning ijodida o‘zbekona samimiyatni, ruhiyatni yaqqol ko‘rish mumkin. Tojikistonda ham shoirning asarlari sevib o‘qiladi.
Farg‘ona davlat universitetida "Anvar Obidjon ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo anjuman ishtirokchilariga videotabrik yo‘llab, Anvar Obidjonning ijodiy merosi ma’naviy tarbiyada muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov, filologiya fanlari doktori, professor Yo‘ldoshxo‘ja Solijonov, Hamidulla Boltaboyev, Hulkar Hamroyeva va boshqalar shoir ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Xalqaro konferensiyada ishtirok etgan olimlar Anvar Obidjon asarlarining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA