Hashar – elga yarashar
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan tog‘li Denovbolo qishlog‘i aholisi orasida yillar davomida shakllangan ibratli an’ana mavjud. Bu — yo‘l qurish va uni muntazam ta’mirlab borish hashari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xayrli tashabbusga bu yil 66 yil to‘ldi. Demak, qariyb bir asrga yaqin vaqt mobaynida qishloq ahli yo‘lni o‘z kuchi, mablag‘i va mehnati hisobidan ta’mirlab kelmoqda.
E’tiborlisi, denovbololiklar bu davr ichida biror marta norozilik bildirmagan, mas’ul tashkilotlardan ko‘mak kutib o‘tirmagan. Aksincha, mavjud muammolarni o‘zlari bartaraf etishni odat qilgan. Yo‘l tor bo‘lgan joylar kengaytirilgan, tabiiy ofatlar oqibatida zarar yetgan qismlar qayta tiklangan. Natijada, qishin-yozin ushbu yo‘ldan uzluksiz foydalanish imkoniyati yaratilgan.
[gallery-29029]
Hashar ishlarida maxsus texnikalar ham jalb etiladi va ularning yoqilg‘isi, xizmat haqlari qoplab beriladi.
Yo‘lni saqlash va ta’mirlash ishlari jamoatchilik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Qishloq aholisi 8 ta brigadaga bo‘lingan bo‘lib, har biri 35 nafardan iborat. Har bir brigada o‘ziga biriktirilgan hududni yil davomida muntazam nazorat qiladi va zaruratga qarab ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.
E’tiborlisi, ertaga o‘tkaziladigan hasharda 60 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan nuroniylar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ular kamida 40-50 yil davomida mazkur yo‘lni ta’mirlash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Denovbololiklarning bu sa’y-harakatlari xalqimizga xos ahillik, hamjihatlik va mehnatsevarlikning yorqin ifodasidir. Zero, hashar – elga yarashar.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari