Harbiylar uchun munosib tuhfa
Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, tantanaga tashrif buyurgan mehmonlar binoning ichkarisiga kirib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanalarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent harbiy okrugi, viloyat va Guliston shahar hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va shahar kengashlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general mayor B.Qurbonov, viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev va boshqalar armiya tizmida amalga oshirilayotgan islohotlar harbiy xizmatchilar hayoti va ish faoliyatida ham oʻzining yorqin samaralarini berayotganini, bu oʻz navbatida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, tantanaga tashrif buyurgan mehmonlar binoning ichkarisiga kirib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Zamonaviy qulayliklar yaratilgan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosi maxsus loyiha asosida bir yil mobaynida barpo etildi.
Inshootdagi mavjud 40 xizmat xonalari, maʼnaviyat va majlislar zallari, kutubxona, 40 oʻrinli oshxona, navbatchilar uchun kiyinish, yechinish, yuvinish xonalari yuqori sifatda barpo etilib, zamon andozalari darajasida pardozlandi.
Barcha kommunikatsiya tarmoqlari innovatsion texnologiyalar asosida barpo etilib, obyektga ishlatilgan qurilish materiallari 100 foiz mahalliy mahsulotlar hisobidan tiklandi.
Obyekt atrofida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, turli manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi. Inshoot atrofi temir panjara bilan oʻralib, barcha xona va binoning tashqari qismiga nazorat kameralari oʻrnatildi.
Mirzaobod tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezerv batalioni askarlari uchun yangidan barpo etilgan 800 oʻrinli zamonaviy oshxonada 40 nafar mirzaobodliklar doimiy ish bilan taʼminlandi.
– Oshxonadan tashqari, safarbarlik chaqiruv rezervi batalioni askarlari va ushbu harbiy qism harbiy xizmatchilar uchun 12 qatnov oʻringa ega tibbiy punkt xonasi, ochiq sport majmuasi ham yangidan barpo etildi, – deydi “Brk Impeks“ MCHJ rahbari M.Karimkulov. – Ushbu obyektning qurilish-montaj va jihozlash ishlariga 7 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general mayor B.Qurbonov hamda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.