Harbiylar faxriy onaxonlar uyiga bordi
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Ikkinchi jahon urushida fashist bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashda minglab xotin-qizlar ishtirok etgan. Ularning 150 ming nafari orden va medallar bilan, yuzga yaqini qahramon unvoni bilan taqdirlangan.
O‘sha paytda 20 yoshga ham to‘lib ulgurmagan qizlar hamshira, uchuvchi, mergan, zenitchi, nishonga yo‘naltiruvchi, aloqachi, razvedkachi, partizan harakati qatnashchisi sifatida erkaklar bilan bir qatorda jang qilishgan. Ularning ko‘pchiligi hali 18 yoshga kirmagan qizaloqlar edi. Ayrimlariga turmushga chiqib ro‘zg‘or tashvishi, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish baxti ham nasib etmagan.
Urushdan omon chiqqan o‘sha 18 yoshli qizaloqlar bugungi kunda bir asrlik yubileyini qarshilash arafasida. Dushmanga qarshi mardlarcha kurashgan hamshira Taisiya Nurgaliyeva, aloqachi Vera Murina, partizanlik harakati qatnashchisi Mariya Levotskaya singari urush faxriylari ana shular jumlasidandir.
Umrining eng gullagan davrini jang maydonlarida o‘tkazgan bu onaxonlar hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar tufayli o‘zlarini hali-hunuz 18 yoshli qizaloqlardek his etayotgan bo‘lsa ne ajab. Chunki har safar 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni yoki G‘alaba bayrami arafasida harbiy xizmatchilar qarilik gashtini surayotgan faxriy onaxonlarni o‘ziga xos tarzda gullar, esdalik sovg‘alari bilan tabriklab, g‘amxo‘rlik ko‘rsatganda, ularning quvonchli chehrasida aynan shunday holat aks etadi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari mahalliy hokimiyat vakillari, shahar mudofaa ishlari bo‘limi ofitserlari, mahalla faollari, tibbiyot xodimlari va yoshlar bilan birgalikda Zangiota, Yunusobod, Mirobod hamda Mirzo Ulug‘bek tumanlarida istiqomat qilayotgan Zinaida Kozireva, Taisiya Nurgaliyeva, Vera Murina, Mariya Levotskaya xonadoniga yana bir marta tashrif buyurib, onaxonlarni o‘ziga xos tarzda tabrikladilar.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti shaxsiy tarkibi, kursantlar hamda Zangiota tumani hokimiyati vakillarining bayramoldi tashrifi tumanda yashab kelayotgan Zinaida Kozireva xonadoniga bayram shukuhini olib kirdi. Suhbat davomida institut boshlig‘i podpolkovnik Hakimjon Muhitdinov Zinaida Kozireva singari faxriylarimiz bosib o‘tgan shonli yo‘l bugungi yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining 5-kurs kursantlari Valentin Zelenskiy va Shuhrat Narzullayev gitara ijrosida onaxonga harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni kuylab berishdi.
Mudofaa vazirligi ofitserlari, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Mirobod tumani maktab o‘quvchilari va mahalla faollari Taisiya Nurgaliyeva xonadoniga sovg‘a-salomlar bilan kirib borganda, uning qizi Tatyana Urlayeva ko‘rsatilayotgan e’tibordan yig‘lab yubordi. 1943 yilda frontga otlangan Taisiya Nurgaliyeva mehmonlarga urush maydonlarida boshidan kechirgan xotiralari, hamshiralik xizmati va yaradorlarga ko‘rsatilgan yordam haqida gapirib berdi. Ikkinchi jahon urushini Uzoq Sharqda Yaponiyaga qarshi urushda yakunlagan 96 yoshli onaxon harbiy xizmatchilar bilan birgalikda «Katyusha» qo‘shig‘ini ijro etishi barchaning qalbini hayajonlantirgani aniq. Maktab o‘quvchilari Taisiya Nurgaliyevani bayram bilan tabriklar ekan, bugungi tinch-osuda hayotimiz qanchalik mashaqqatlar evaziga qo‘lga kiritilganini yana bir marta anglab yetdilar.
Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi shaxsiy tarkibi harbiy xizmatchilari ham Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida istiqomat qilayotgan Vera Murina hamda Mariya Levotskayani bayram bilan tabriklash tadbirida ishtirok etishdi. Vera Murinaning aloqa tizimini tiklash yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklari, Mariya Levotskayaning Ukraina o‘rmonlarida olib borgan partizanlik harakati haqidagi xotiralarini Vatanni qo‘riqlashdek sharafli burch egalari bo‘lmish harbiy xizmatchilar o‘ziga xos jasorat namunasi sifatida baholadilar.
Yurt himoyachilari urushning eng qaynoq nuqtalarida fashist bosqinchilariga qarshi kurashgan faxriylarimizni bayram bilan ana shu tarzda tabriklab, ularningqalbiga hech bir boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydigan quvoch ulashishda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi