Harbiylar bayramiga bag‘ishlandi
Jizzax shahridagi “Sug‘diyona” markaziy stadionida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ommaviy sport bayramida 5 mingga yaqin sportchi va sport ishqibozi ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2015-yil 9-dekabrdagi “Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida ushbu bayram shukuhini xalqimiz, xususan, yoshlar qalbiga yanada chuqur singdirish, jamiyatimizda harbiylik tobora sharafli, faxrli kasbga aylanayotganini ta’sirchan vositalar orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida joylarda bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.Jizzax shahridagi “Sug‘diyona” markaziy stadionida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ommaviy sport bayramida 5 mingga yaqin sportchi va sport ishqibozi ishtirok etdi.
Jizzax viloyati hokimligi, madaniyat va sport ishlari, xalq ta’limi, mudofaa ishlari boshqarmalari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mudofaa qudratimiz yildan-yilga yuksalib, Vatan himoyasi yoshlarimiz uchun sharafli ishga aylangani ta’kidlandi.
Musobaqa 10 kilometrga yugurish bilan boshlanib, unda viloyatning barcha hududlaridan sportchilar, yugurish ishqibozlari qatnashdi. Tadbir doirasida yengil va og‘ir atletika, kurash va harbiy amaliy sport turlari bo‘yicha ham bahslar o‘tkazildi.
– Marraga yettinchi bo‘lib yetib keldim, – deydi Jizzax politexnika instituti ikkinchi bosqich talabasi Farrux Imomgaliyev. – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan sport bayramida ishtirok etganimdan juda xursandman. Bu tadbirda, ayniqsa, tengdoshlarim zo‘r ishtiyoq bilan ishtirok etgani yoshlarning Vatanimiz mudofaasiga, harbiy xizmatga qiziqishi katta ekanidan dalolat beradi.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.