Harbiy-vatanparvarlikning tarixiy ildizlari
Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari, insoniyat taraqqiyotida olimlarning diqqat markazida bo‘lgan. Buyuk davlat arbobi va sarkardalarning xalq tinchligini asrash uchun amalga oshirgan faoliyatlari orqali buni anglash mumkin. Ular o‘z muvaffaqiyatlarini ko‘p jihatdan fidoyi vatanparvar shaxslarni tarbiyalash bilan bog‘liq jarayon deb hisoblashgan. Tahlil qilish barobarida umuminsoniy qadriyatlar qatori, kattalarga hurmat, jamiyat, xalq urf-odatlariga va oilaga muhabbat eng muhimi Vatanga sadoqat kabi fazilatlarni ajratib olish mumkin.
Qadimgi davrlarda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi dastavval urug‘lar, keyinchalik qabilalar o‘rtasida namoyon bo‘lib borgan. Jumladan, ota-bobolarining ruhlariga yoki totemlarga, qabilaning ajdodlariga sig‘inish orqali g‘ayritabiy kuchlarni berishgan deb hisoblashgan. Buning natijasi esa yosh avlod o‘z xalqi bilan faxrlanish tuyg‘usini his qilishgan va o‘z qabilasiga mansubligidan faxrlanishgan.
Qadimgi Yunonistonda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini insonga emas, balki davlat manfaatlariga bog‘liq holat deb hisoblashgan. Ya’ni, kichik quldorlik davlat fuqarolaridan yig‘ilgan askarlar mamlakat tashqarisida, o‘zlari haqida o‘ylashlari mumkin bo‘lmagan, ular yollangan himoyachilar deb qaralgan. Yunon davlat arbobi, sarkarda Periklning qarashlarida vatan himoyachilari yuqori fuqarolik ongi va ma’naviy madaniyati bilan ajralib turadigan axloqiy insonlar deb ta’riflagan. Ular o‘z manfaatlarini davlat manfaatlari bilan birlashtirgan to‘laqonli fuqaroni ifodalashgan.
Faylasuf Suqrot insonning o‘zgarmas va umumiy axloqiy sifatlari orasiga Vatanga muhabbat tuyg‘usini qo‘shgan. Demokrat esa tarbiya natijasi axloqli, hamma narsada mustaqil va jamoat burchiga muvofiq harakat qilish kerak deb ta’kidlagan. Bu fikrlar o‘sha davr mafkurasida o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini din bilan bog‘liq holda ham jamiyat a’zolariga singdirilgan. Bunda diniy marosimlar orqali o‘z urug‘ va qabila vakillarini ulug‘lashgan. Jamoa a’zolarini ehtimol intuitiv darajada harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi fuqarolarni birlashtirgan va ular o‘z xalqini himoya qilishga, ularning faravonligini ta’minlashga undaydigan kuch sifatida qarashgan.
Davlatchilik paydo bo‘lishda harbiy-vatanparvarlikning ta’siri, yagona ammo shu bilan birga juda kuchli vosita bo‘lgan. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi har doim o‘z mamlakati, xalqi va uning yutuqlari bilan faxrlanishni kuchaytiradi. Shuning uchun, davlatchilikning rivojlanishi bilan mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanishi bu masalada muhim rol o‘ynay boshlaydi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, aholining keng qatlami uchun madaniyat va sa’nat har doim harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularining dirijyori hamda rag‘batlantiruvchisi bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda.
N.I.Xalilova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash kafedrasi professori