Harbiy-vatanparlik tarbiyasi – Yangi O‘zbekiston sarhadlari daxlsizligi va ravnaqi garovi
Zamonaviy xalqaro munosabatlarning murakkab sharoitida mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va xavfsizligini ta’minlovchi strategik omil hisoblanadi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan milliy mudofaa tizimining mukammal modelini shakllantirish bilan bir qatorda, yosh avlodni yuksak vatanparvarlik va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. U yoshlarning nafaqat ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi omil, balki armiyaning jangovar salohiyatini belgilovchi asosiy strategik kuch hamdir.
Harbiy va vatanparvarlik tushunachalari o‘zaro mushtarak bo‘lib, ularni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ushbu yaxlit g‘oyaning negizida yosh avlodni davlat va jamiyat hayotida, xususan, harbiy sohada faol bo‘lishga yo‘naltirish maqsadi yotadi. Bu jarayon yoshlarda Konstitutsiyaga sodiqlik, harbiy burchni anglash hamda ona yurt va xalq taqdiri uchun yuksak mas’uliyat hissini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun bu vazifa aholining demografik tuzilishini hisobga olgan holda ayniqsa muhim. Bugungi kunda respublika fuqarolarining qariyb 64 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bu ko‘p jihatdan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, yoshlarni tarbiyalash, fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlash va yosh avlodni mamlakatning milliy manfaatlarini himoya qilishga tayyorlash masalalarini belgilaydi.
Shu munosabat bilan davlat tomonidan yoshlar ta’limi va vatanparvarlik tarbiyasini takomillashtirish bo‘yicha izchil siyosat olib borilmoqda. 2026-yil holatiga ko‘ra, sohaga oid 5 ta qonun va 55 dan ortiq qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ular yoshlarga oid davlat siyosatining tashkiliy va mafkuraviy asoslari belgilab beradi.

Bunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini mustahkamlash va ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada mudofaa qurilishining asosiy yo‘nalishlari va yoshlarni Vatanga xizmat qilishga tayyorlashning asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi keng qamrovli huquqiy baza shakllantirildi.
Ular sirasiga O‘zbekiston Respublikasi «Mudofaa to‘g‘risidagi» qonuni, «Mudofaa doktrinasi», O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy bosh qo‘mondonning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan «2023-2027-yillarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish konsepsiyasi» va boshqa xujjatlar kiradi. Ularning amalga oshirilishi nafaqat davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga, balki Vatanga xizmat qilishni va mamlakatni himoya qilish eng muhim fuqarolik burchi deb biladigan avlodni shakllantirishga qaratilgan.
Yuqoridagi xujjatlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama kamol toptirish va qat’iy fikr va e’tiqodga ega shaxs sifatida shakllantirishga qaratilgan «Vatan – ulug‘, burch – muqaddas» konseptual g‘oyasi yotadi.
Mazkur g‘oyani amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri davlat, jamiyat va Qurolli Kuchlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hisoblanadi. Shu munosabat bilan mamlakatda mudofaa, xavfsizlik va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarida sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi «Armiya va xalq – bir tan, bir jon» tamoyilida davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi bilan harbiy-ma’muriy sektorlar tizimining yaratilishi bo‘ldi. Bugungi kunda joriy tuzilma armiya va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Ular nafaqat hududiy mudofaa masalalarini muvofiqlashtiradi, balki yosh avlodni haqiqiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun yangi imkoniyatlar beradi.
Shu bilan birga, mamlakat Qurolli Kuchlarning jamiyat uchun ochiq va shaffofligini oshirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Harbiy qismlar asta-sekin nafaqat mudofaa tizimining elementi, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maydoniga ham aylanib bormoqda.
Bu borada qismlarda ochiq eshiklar kuni, yoshlar bilan harbiy xizmatchilar va faxriylar o‘rtasidagi uchrashuvlar, harbiy-vatanparvarlik va ma’rifiy tadbirlar muhim rol o‘ynaydi. Bunday tashabbuslar armiyaga ishonchni mustahkamlashga va yoshlarda mamlakat xavfsizligini ta’minlashda harbiy xizmatning ahamiyatini chuqurroq tushunishga yordam beradi.
Shu bilan birga, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimida mamlakatning tarixiy merosiga murojaat qilish muhim rol o‘ynaydi. Zamonaviy sharoitda u nafaqat shonli tariximizning bir qismi, balki yoshlarning harbiy o‘ziga xosligini shakllantirish vositasi sifatida ham qaraladi. Ushbu sharoitda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi va Zahiriddin Muhammad Bobur merosiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Amir Temur shaxsi va merosi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida yuksak e’zozlanadi. Sohibqiron ruhi zamonaviy o‘zbek armiyasining ko‘plab ramzlarida yashaydi. Bo‘linmalar timsollarida buyuk sarkardaning dubulg‘asi va qilichi tasvirlangan bo‘lib, uning mashhur «Kuch-adolatda» tamoyili harbiy xizmatchilar uchun muhim mafkuraviy qo‘llanma bo‘lib qolmoqda.
Avlodlar davomiyligi davlat mukofotlari tizimida ham namoyon bo‘ladi. 1996-yilda ta’sis etilgan «Amir Temur» ordeni davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari va vatanni himoya qilishda ko‘rsatgan jasorati uchun topshiriladi. Yil yakunlariga ko‘ra, jangovar tayyorgarlikda eng yuqori natija ko‘rsatgan harbiy okrugga «Amir Temur jangovar bayrog‘i» topshiriladi. Bu ko‘chma mukofot hisoblanib, armiyadagi eng nufuzli ramziy e’tirofdir. Temurbeklar maktabi bitiruvchilari ham buyuk sarkarda avlodlariga mansublik ramzi sifatida maxsus ko‘krak nishonlarini taqib yurishadi.
Shu bilan birga, mamlakatda yoshlar uchun maktabdan to harbiy xizmatgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining uzluksiz ta’lim tizimi izchil rivojlanmoqda. Har bir daraja intizom, yetakchilik fazilatlari, asosiy harbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kadrlar zaxirasini tayyorlash kabi aniq maqsadlarni hal qilishga qaratilgan.
Ushbu tizimdagi birinchi bo‘g‘in maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani hisoblanadi. Bu bosqichda yoshlar zamonaviy qurol va texnika, yuqori texnologiyalar va taktik tayyorgarlik kabi zamonaviy armiyaning talablariga mos ilk tushunchalarni oladilar.
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik tizimini isloh qilinishi bugungi kunning strategik zaruriyatidir. O‘zgarayotgan global xavfsizlik tizimi sharoitida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash shunchaki o‘quv fani emas, balki milliy o‘zlikni anglash va zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan kompleks jarayondir.
Ushbu tizimning yana bir muhim bo‘g‘ini Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati bo‘lib, u yoshlarda ma’naviy va mafkuraviy immunitetni shakllantirish, kadrlar zaxirasini tayyorlash hamda jismoniy va ruhiy chidamlilikni oshirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Harakat keng tarmoqqa ega: maktablar, litseylar va texnikumlarda uning 11 000 dan ortiq bo‘linmalari mavjud bo‘lib, ular taxminan 500 000 o‘quvchini birlashtiradi. Ishtirokchilarning faoliyati harbiy-texnik va amaliy sohalarda - aloqa xodimlari va haydovchilardan tortib, kinologlar va boshqa sohalardagi mutaxassislargacha bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarga asoslangan. Eng faol a’zolarga Mudofaa vazirli tomonidan oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda qo‘shimcha afzalliklar beruvchi tavsiyanomalar beriladi.
Tizimning amaliy samaradorligi natijalar bilan tasdiqlanmoqda: joriy yilning o‘zida 1100 nafar ishtirokchi harbiy-texnik markazlarda tayyorgarlikdan o‘tib, muddatli harbiy xizmatga yuborildi. Shu bilan birga, harakat yoshlari xalqaro miqyosda ham ulkan muvaffaqiyatlar ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonda bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan an’anaviy «Aybin» xalqaro musobaqasida O‘zbekiston jamoasi 2024-yilda 2-o‘rinni, 2025-yilda esa 55 ta jamoa orasida 1-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti ham mamlakatimizdagi harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimida asosiy o‘rin egallaydi. Uning yangi Konsepsiya doirasidagi faoliyati kengaytirildi va mahallalar va ta’lim muassasalari bilan ishlashga integratsiya qilindi. Ilgari «Vatanparvar»ga asosan haydovchilar tayyorlash tuzilmasi sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda u Qurolli Kuchlarning harbiy-amaliy ta’lim va kadrlar tayyorlovchi keng qamrovli platformasiga aylandi.
O‘zbekistonda fuqarolik-harbiy hamkorlikning yana bir noyob namunasi – «Harbiy qism – mahalla» xamkorligidir. Ushbu tizimning mahalla kabi an’anaviy institut bilan bog‘langani uning o‘ziga xosligini belgilaydi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan «Jasorat maktabi» o‘quv yig‘inlari tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. Ularning maqsadi uyushmagan yoshlar va profilaktik ro‘yxatda turgan yoshlar uchun bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shuningdek, ularda harbiy-vatanparvarlik qadriyatlarini rivojlantirish va bandlikni oshirishdan iborat.
Ushbu loyiha qamrovi yildan-yilga kengayib bormoqda. Agar 2025-2026 o‘quv yilida 32 ming nafardan ortiq yoshlar ushbu yig‘inlarga jalb etilgan bo‘lsa, 2026-2027-yilgi rejaga ko‘ra yana 5,5 ming nafarga yaqin o‘quvchini «Jasorat maktablari»ga qabul qilish belgilangan. Bunday tadbirlar yoshlar ongida milliy armiyamizga bo‘lgan hurmatni oshirish, Vatanni himoya qilish O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi ekanligi haqidagi tushunchani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi milliy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Davlatimiz rahbari tomonidan armiyani yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar soha salohiyatini yanada oshiradi. Zero, daavlatning tinchligi, farovonligi va barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligiga bog‘liq. Shuning uchun bu fuqarolik mas’uliyatini tarbiyalash, milliy birlikni mustahkamlash, Vatanga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi.
Nabiyev Narimon,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi