Harbiy sohada 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiya hisoblash miqdori oshiriladi
Senat yalpi majlisida “Harbiy xizmatchilar (xodimlar)ning va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ularning xizmatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, harbiy xizmatchilar hamda ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minotini milliy qonunchilik asosida kompleks tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokamada qayd etilganidek, shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar hamda ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solib kelingan.

Yangi qonun bilan mazkur munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va milliy qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.
Birinchi marta davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash, qayta hisoblash va to‘lash tartibi yagona qonun darajasida belgilanmoqda.

Uzoq yillar davomida halol xizmat qilgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy rag‘batlantirishga qaratilgan muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda.
Muhimi, mazkur ijtimoiy kafolatlar faqat kelgusida pensiyaga chiqadigan harbiy xizmatchilarga emas, balki bugungi kunda pensiya olayotgan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.

Qonunda Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan insonlarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, harbiy xizmatchi xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan hollarda uning oila a’zolarining davlat tomonidan pensiya bilan ta’minlanishiga oid kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning xizmatini munosib qadrlash hamda oila a’zolarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA