Harbiy qismga yangi shtab binosi topshirildi
14 Yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismga zamonaviy sharoitlarga ega yangi shtab binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Jur’at Yoqubov yurtimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarlicha shart-sharoit va qulayliklar yaratish imkoni berayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Aytish lozimki, yangi binoda zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan xonalar, ko‘plab badiiy va o‘quv adabiyotlari bilan boyitilgan ma’naviyat xonasi hamda yaratilgan qulayliklar harbiy xizmatchilarning ish unumdorligini oshishiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida harbiy qismga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan xizmat avtomobillari topshirildi. Shuningdek, harbiy qism harbiy xizmatchilari Mudofaa vazirligi hamda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘iga asosan, qimmatbaho sovg‘alar va esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-698]
O‘.Baratov, J.Norqobilov (surat), O‘zA