Harbiy litseyda “Uch avlod uchrashuvi”
Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyda “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Prezidentning 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda boy hayotiy bilim va tajribaga ega bo‘lgan keksa nuroniylarimizning davlatimiz ijtimoiy hayotida faolligini kengaytirish, yosh avlod vakillarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ularni o‘rnak va namuna sifatida ko‘rsatish maqsadida ko‘plab uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisida Xorazm viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Rasuljon Sobitov, umrining qo‘p yilini yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlagan ustoz-murabbiy, O‘zbekiston Qahramoni Egambergan Karimov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi viloyat bo‘limi raislari hamda bir qator viloyat faxriylari, Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi hamda Ichki ishlar vazirligiga qarashli Xorazm akademik litseyining o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023 yilda Urganch shahrida el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodimiz nomini ulug‘lash, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik-litsey haqiqiy vatanparvar er yigitlar kamol topadigan maskanga aylangani, bu yerda ta’lim olish yurtimiz yoshlari uchun yuksak sharaf ekanligi e’tirof etildi.
[gallery-21547]
–Zamonaviy ta’lim-tarbiya, ilm-fan va kommunikatsiya texnologiyalaridan saboq berish, laboratoriya va ixtirochilik ishlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lgan litsey haqiqatan ham oldingi avlod yoshlari uchun orzu-havas qiladigan ta’lim maskani bo‘lsa, bugungi yoshlar uchun jahon standartlariga mos eng so‘nggi sharoitlarda zamonaviy ta’lim olish imkonini yaratdi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Egambergan Karimov. - Ta’lim maskanida har bir fan uchun alohida mavzulashtirilgan sinfxonalar, barcha sport turlari bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi yopiq va ochiq turdagi sport majmuasi, yotoqxona, oshxona majmualari havas qilsa arzigulik, rivojlangan mamlakatlardagi ta’lim dargohlaridan hech narsasi bilan kam bo‘lmagan muassasaga aylandi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda mehmonlar mard va jasur ajdodimiz, sulton Jaloliddin Manguberdi siymosi, uning jasorati va vatanparvarligini yodga olib, bilim, mehnat va sadoqat insonning buyuk ishlarga, yuksak natijalarga erishishda dasturilamal bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
Mazmunli va qiziqarli suhbatlarga boy o‘tgan uchrashuv yoshlarni buyuk ishlarga ruhlantirib, Vatanimiz kelajagi uchun jonkuyar va fidoyi inson bo‘lishga undaydi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari