Har qarich yer e’tiborda bo‘ladi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan seminarda tumanlar hokimlari o‘rinbosarlari, mazkur sohaga aloqador tashkilot va korxonalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, karantin agentligi mutaxassislari, tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
Seminar ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Yuldashev, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdukarim Jalilov dala chetlari, kanallar, sug‘orish tarmoqlarining atroflarida, xonadonlar va ko‘p qavatli uylarning oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalari chetlaridagi bo‘sh turgan maydonlar, aholi tomorqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, eksport hajmini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish masalalari xususida gapirdi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat hamda tumanlarda ishchi guruhlar tuzilganligi ta’kidlandi.
– Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida xatlov o‘tkazildi, – deydi Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdukarim Jalilov. – Dastlabki o‘rganishlar davomida viloyat bo‘yicha jami 46 ming 945 gektar ekin maydoni borligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, ana shu ekin maydonlarining 25 ming 575 gektari aholi tomorqalarida, 17 ming 629 gektari dehqon xo‘jaliklarida, 1 ming 496 gektari xonadonlar, 26 gektari ko‘p qavatli uylar oldida, 19 gektari mahallalarning ichki ko‘chalari, 2 ming 159 gektari fermer xo‘jaliklari dalalari chetlarida, 42 gektari kanal-kollektor atroflarida ekanligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu maydonlarga ekish uchun 16 ming 15 tonna urug‘lik, 4 million tup mevali daraxt ko‘chatlari zaxirasini yaratish talab etiladi. Ana shundan kelib chiqib, viloyatda urug‘lik va ko‘chatlar zaxirasini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Seminarda mutaxassislar tomonidan Prezident qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish Oltinko‘l tumanidagi “Mirzakanal saxovati” fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar misolida ko‘rsatib berildi.
– Xo‘jaligimiz 60 gektar maydonda dehqonchilik qiladi, – deydi “Mirzakanal saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Jahongir O‘rmonov. – Dalalarimiz hamda zax tortish uchun chiqarilgan zovur chetlaridagi bo‘sh turgan 60 sotix maydonga Andijon gilosi, turli navli uzum ko‘chatlari ekildi, zovurda esa 100 bosh o‘rdak boqishni boshladik. Bu avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, qolaversa, yaxshigina daromad olish imkonini beradi.
Mutaxassislar Prezident qarorida dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘zda tutilgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan, ularga ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul berilishi yoki dala chetlariga ekish uchun “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizgacha qismi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida qoplab berilishi aytib o‘tildi.
Ishtirokchilarga mahsulot yetishtirish, eksportga yo‘naltirish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
– Seminarda Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ma’lumotlar oldik, amaliy ishlarni ko‘rdik, – deydi “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi “Melorativ uchastka” tashkiloti Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi boshlig‘i Nafisaxon Mirzarahimova. – Bu albatta, belgilangan ishlarni samarali tashkil etishimizga yordam beradi.
Tumanimizda 35 kilometr uzunlikdagi kanal-kollektorlar mavjud. Ularning chetlari va muhofaza hududlaridagi bo‘sh turgan maydonlarga meva ko‘chatlari hamda ekinlar ekish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshiramiz.
Shuningdek, amaliy seminar doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, urug‘lik, ko‘chatlar, shuningdek, zarur jihoz va ish qurollari yetkazib berish bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Seminar qatnashchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, eksport hajmini oshirish, qolaversa, aholi va xo‘jaliklar daromadini yanada ko‘tarish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Bu kabi amaliy seminarlar Andijon viloyatining barcha tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari