Har qarich yer – davlatning bebaho boyligidir
22 aprel – Butunjahon yer kuni
Ma’lumotlarga ko‘ra, vujudga kelganiga qariyb to‘rt yarim milliard yil bo‘lgan Yer yuzining asosiy qismi dengiz va okeanlar bilan qoplangan va faqatgina umumiy maydonining taxminan 29 foizi yer fondiga to‘g‘ri keladi. Yer vujudga kelganidan buyon, o‘tgan vaqt davomida biologik xilma-xillikning noyob genetik fondi shakllandi va o‘rganish natijalari asosida hozirga qadar 1,4 million biologik tur tavsiflangan. Baholashlarga ko‘ra, ular 5 million turdan ortiq. Yer qa’rida katta miqdordagi neft, gaz, ko‘mir, turli metallar va boshqa mineral resurslar mavjud.
Biroq tabiiy resurslarga ikki qarama-qarshi jarayonlar doimiy ta’sir ko‘rsatib keladi. Bir tomondan bir necha ming yillar davomida insoniyat tabiiy resurslar iste’moli darajasini izchil oshirib, hayot kechirish va qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan yerlarni kengaytirish borasida kurashib kelayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan foydali qazilmalar, o‘rmon, yer, suv va boshqa tabiiy resurslarning qisqarishi, yomonlashishi hamda yo‘q bo‘lib ketish hodisasi doimiy ravishda ro‘y bermoqda.

XX asr davomida yer maydonlari kam, lekin aholisi zich joylashgan mamlakatlar dengizlar hisobiga qirg‘oq bo‘ylarini kengaytirish bo‘yicha ish olib bordilar. Natijada yer yuzidagi quruqliklarni o‘zlashtirish ikki barobarga oshdi. Yangi yerlarni, ayniqsa, o‘rmonlarni kesish hisobiga o‘zlashtirish nafaqat alohida mintaqalarda, balki butun sayyoramizda ekologik muvozanatning buzilishiga, suv rejimining o‘zgarishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Afsuski, bu jarayon hamon davom etmoqda.
Cho‘llanish, ayniqsa, dunyoning qurg‘oqchil hududlarida katta maydondagi yerlarni o‘z domiga olmoqda. Ma’lumotlarga qo‘ra, har yili birgina eroziya oqibatida 6‑7 million gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi hisobidan chiqib ketmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi masalasini jiddiy xavf solyapti.
Aslini olganda Yer yuzasining umumiy maydoni 510,2 million km2 dan iborat bo‘lib, 29,2 foizi quruqlikka va qolgan 70,8 foizi dengiz va okeanlarga to‘g‘ri keladi. Turli baholarga ko‘ra, jahonning umumiy yer fondi maydoni Antarktida va Arktika muzliklarini hisobga olmagan holda 13,1 milliard gektardan 14,9 milliard gektarni tashkil etadi.
Yer maydonlarining o‘ta taqchilligiga qaramasdan, ishlov beriladigan yerlar inson uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizini yetishtirib beradi. Dunyodagi haydaladigan yerlarning asosiy maydonlari Shimoliy yarim sharda – g‘arbiy va sharqiy Yevropada, janubiy Sibirda, sharqiy, janubi-sharqiy va janubiy Osiyoda, Kanada va AQSH tekisliklarida joylashgan. Bu maydonlar asosan Yer sharining o‘rmonlar, o‘rmon-dashtlar va dashtli mintaqalarida jamlangan. Jamiyat hayotida yaylovlar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, insoniyat iste’mol qiladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining 10 foizga yaqinini beradi.
Dunyoning qurg‘oqchil hududlarida cho‘llanish jarayonlari katta maydonlardagi yerlarni bosib, hozirgi kunda 900 million gektar maydonni egallagan. Bundan tashqari, o‘nlab mamlakatlarning hududidagi taxminan 3 milliard gektar yer maydoniga cho‘llanish jarayonlari xavf solmoqda.
Jahonda yuz berayotgan global iqlim o‘zgarishlari, yerlarning yaroqsiz holatga kelishi, biologik xilma-xillikning kamayib borishi nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari rivoji, shu bilan bir qatorda insoniyatning farovon kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2009 yilda 22 aprelni “Butunjahon yer kuni” deb e’lon qilgan. Shu kuni jahondagi barcha mamlakatlarda turli tadbirlar va aksiyalar o‘tkazilib, insoniyat e’tiborini Yer muammolariga qaratishga harakat qilinadi.
Toshkent davlat agrar universitetida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda sana munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Alisher Hasanov, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum va USAID missiyasi direktori Mikayela Meredit, mutaxassis va ekspertlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda ona zaminni asrash, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, tuproq unumdorligini saqlash qishloq xo‘jalik mutaxassislari zimmasidagi muhim vazifa ekanligi qayd etildi. Ushbu global harakatning asosiy maqsadi jamiyat va sayyoradagi har bir insonning e’tiborini Yer va uning atrof-muhiti muammolariga qaratishdan iborat.

Ta’kidlanishicha, yurtimizda yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani diqqatga sazovordir. Chunonchi, mamlakatimiz Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvetsiyaga, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyaga va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shildi. Ushbu konvensiyalar majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan bir qator muhim starategik, shu jumladan: “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar Dasturi”, “Qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi”, “Atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi”, “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi” va boshqalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanishga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash, butunjahon madaniy merosni muhofaza qilishga doir konvensiyalar hamda boshqa ekologik yo‘nalishdagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida yer umummilliy boylik bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangan. Shuningdek, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan hamda bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan iborat ekanligi belgilab berildi.
– bugungi tadbirga dunyo aholisi qarshisida turgan ekologik muammolarning dolzarbligini ta’kidlash uchun yig‘ildik. Aytib o‘tish joizki, biz iqlim o‘zgarishiga qarshi hozirdanoq harakat qilishimiz kerak va bu jarayonga yoshlarni jalb qilish juda muhim. Toshkent davlat agrar universiteti O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun kelajak yetakchilarini tayyorlamoqda va bu yoshlar innovatsion yondashuvlar va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etuvchilari bo‘ladi, – dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.
2022 yil mart oyida USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va TDAU bilan hamkorlikda “Butunjahon yer kuni”ga bag‘ishlangan talabalarning ekologik loyihalari tanlovi e’lon qilindi. Tanlov g‘oliblari Gulhayo Yaxshibekova, Nozima Abdusalomova va Shohrux To‘xtasinovlar TDAU talabalar shaharchasi atrofidagi daraxtlarni ro‘yxatga olish uchun QR-kod tizimini joriy qilish loyihasini taklif qilishdi. Universitet hududida joylashgan daraxtlarini QR-kod bilan belgilash, muayyan daraxt navlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va onlayn axborot bazasini yaratish orqali ularning himoyasi ta’minlanadi.

– Ayollar, yoshlar va boshqalarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytirish iqlim inqirozini muvaffaqiyatli hal etishda muhim ahamiyatga ega, – dedi USAID missiyasi direktori Mikayela Meredit. – Tanlov doirasidagi raqobat talabalarga tanqidiy fikrlashga turtki bergani va ularni ekologik barqaror yechimlar haqida o‘ylashga undaganidan xursandmiz. “Global fikrla, mahalliy harakat qil!” falsafasiga amal qilgan holda, ushbu amaliy yechimlar avval universitet xududida, so‘ngra esa O‘zbekistondagi ekologik muammolarni hal qilishda butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi mumkin.
Tadbir davomida “Talabalarning ekologik tanlovi” g‘oliblarini taqdirlash va sana munosabati bilan daraxt ekish marosimi o‘tkazildi.
O‘zA