Har qanday muammoni mahallada hal qilish mumkin
Mahalla tinch bo‘lsa, har bir muammo mahallaning o‘zida hal etilsa, bu mamlakat taraqqiyoti uchun muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Xalq mahalla raisidan, mahalla raisi esa xalqdan rozi bo‘lib ishlaydigan mahallalar ko‘p.
Ana shunday maskanlardan biri Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi «Xadra» mahalla fuqarolar yig‘inidir. Bu yerda ham oilaviy mojarolar, oilaviy ajrimlar kabi holatlar kuzatiladi. Ammo mahalla faollari va mas’ul xodimlar ishtirokida muammolar tezda ijobiy hal qilinadi. Mahalla ichidagi ko‘ngilsiz holatlar mahalladan tashqariga chiqmaydi.
–Fuqarolarining muammosi bo‘lmagan mahallaning o‘zi yo‘q, –deydi «Xadra» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zafar Muhammadjonov. –Hamma gap o‘sha muammoni qay shaklda hal qilishda. Ayrim muammolar mahalla darajasida hal etilmasa, fuqarolar murojaati o‘z yechimini topmasa, murojaatchi yuqoriga arz qilishga majbur bo‘ladi. Vaholanki, oddiy muzokaralar bilan hal bo‘ladigan masala keng quloch yozib ketadi. Gohida televideniyeda bir oilaning ichki muammolari, er va xotinning o‘zaro kelishmovchiliklari ekranga olib chiqilib, turli soha egalari muhokama qilishadi. Bu butun O‘zbekiston ahliga ekran orqali namoyish etilmoqda. Aslida, mahalla tizimi ishlasa, har bir muammo mahallada hal etilsa, muammolar bu darajada ildiz otmasdi.
«Xadra» mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rnak bo‘larli yana bir jihatga e’tibor qaratmoq lozim. Mahalla idorasi hovlisida ko‘rgazmali shaklda tashkil etilgan kutubxona mavjud. Bu yer doim odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Ochiq havo, tabiat qo‘ynida tashkil etilgan kutubxonaning o‘zida ham mutolaa qilish imkoniyati yaratilgan. Bu madaniy hordiq chiqarishni istagan nuroniylarning mutolaa bilan band bo‘lishi uchun ayni muddao. Mingdan ziyod turli mavzudagi kitoblar, adabiy-badiiy nashrlar bilan boyitilgan kutubxona mahalla ahlining tashabbusi bilan tashkil etilgani yanada quvonarli. Bu maskanda tez-tez kitobxonlik, she’riyat kechalari, atoqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Mahalla Kengashi hududda joylashgan 59- davlat ixtisoslashtirilgan maktab ma’muriyati bilan hamkorlikda tez-tez adabiy-badiiy tadbirlarni tashkillashtiradi. Xususan, yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida ta’lim muassasasida taekvondo, O‘zbek jang san’ati sport to‘garaklari tashkil etilgan. Shuningdek, Toshkent shahridagi maktablarda birinchilardan bo‘lib Chim ustida xokkey federatsiyasidan maxsus murabbiy jalb qilinib, qizlar o‘rtasida chim ustida xokkey to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishimiz joiz, «Xadra» mahallasi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalasida ham juda faol. Har ikki oyda mahalladagi o‘ndan ortiq ayol mavsumiy va doimiy ish bilan ta’minlanadi. Ular orasida kam ta’minlangan oila vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda birinchi, ikkinchi guruh nogironlari bor.
Muxtasar aytganda, Xadra mahallasi faollari aholining ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yangidan-yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirishda doimo tashabbuskor bo‘lmoqda.
D.Mamatova, O‘zA