Har qanday mashaqqatning rohati, mukofoti bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hokim yordamchilari o‘zi biriktirilgan mahallaning rivojlanishi uchun tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Farg‘ona viloyati Rishton tumani “Dasht Pandigon” MFY hokim yordamchisi Jo‘rabek Hamroaliyev ham faoliyati natijasida mahallada ishsizlik sezilarli kamayib, kambag‘allik holati anchayin qisqarmoqda.
Jo‘rabek Hamroaliyev ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirgan ishlari xususida to‘xtaldi.
– Hokim yordamchilari, eng avvalo mahallalarda istiqomat qilayotgan, aholining murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglash, zarur bo‘lsa, joyiga chiqib o‘rganish, tegishli mutasaddilarni jalb etgan holda ularning muammosiga yechim topishda yaqin ko‘makdoshga aylanishi lozim. Mazkur lavozimning ham o‘ziga yarasha mas’uliyati va mashaqqati bor. Faoliyatim davomida amin bo‘ldimki, o‘zimga yuklatilgan vazifa orqali oddiy odamlar hayotini o‘zgartirishga va ularning hayotdan rozi yashashini ta’minlashga hissa qo‘shishim lozim.

Prezidentimiz tomonidan bizga mahallada qanday ishlar qilishimiz kerakligi aniq belgilab berildi. Bizga berilgan vakolatlar doirasida ish boshladik. Uyma-uy yurib, namunali, o‘rta va ehtiyojmand xonadonlarni aniqlab oldik. Ehtiyojmand oilalarning muammolarini o‘rgandik. O‘rganishlarga ko‘ra, “Dasht Pandigon” MFYda 2 ming 963 ta aholi, 524 ta xonadon, 831 ta oila mavjud. Mahallada 3 ta oila “Temir daftar”ga, 51 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga, 2 nafar mahalla yoshlari “Yoshlar daftari”ga kiritildi.
Yo‘l ko‘pchilikka xizmat qiladigan tarmoqlardan biri ekaligini inobatga olgan holda yo‘llarni yaxshilashga kirishdik. Yo‘ldan barcha barobar foydalanadi. Mahallaning ichki yo‘llarida ta’mirlash va asfalt yotqizish ishlari olib borildi.
Shuningdek, hududimizdagi 32-MTTga yozgi oshxona qurishga yaqindan ko‘mak berildi. 58 nafar fuqaroga issiqxona tashkil etishi uchun 210 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishlari bo‘yicha tavsiyanomalar taqdim etildi. Yolg‘iz, boquvchisi yo‘q fuqarolarning uylari ta’mirdan chiqishida mablag‘lar ajratildi. 300 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. 18 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirdi.

Mahallada istiqomat qiluvchi 10 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga chorvachilik, parrandachilik, tikuvchilik hamda limonchilik kabi sohalarda faoliyat yuritishlari uchun 206 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Mahallada “Zohidjon Yunusali Xoji o‘g‘li” fermer xo‘jaligida sutni qayta ishlash orqali 6 xil turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish sexi loyihalashtirilmoqda. Bu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 35 nafar qishloq fuqarosi bandligini ta’minlanadi.
Mazkur fermer xo‘jaligiga 150 nafar xonadon kooperatsiya shaklida biriktiriladi. Drayver tadbirkor loyihasi tuman arxitektura bo‘limi tomonidan loyihalashtirilmokda. Fermer xo‘jaligi tarkibida baliqchilik tashkil qilindi. Baliqchilik yo‘nalishida 13 nafar qishloq fuqarosi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Bugun qishloqlarning qiyofasi yangilanib, aholining turmush tarzi yaxshilanmoqda. O‘zgarishlar to‘g‘risidagi gaplar kimlar uchundir balandparvoz gapdek tuyular, balki. To‘g‘ri, joylarda hamon muammolar mavjud. Muhimi, mavjud muammolar yechimini izlash, odamlar turmushini o‘zgartirishga harakat qilishdir. Har qanday mashaqqatning rohati, mukofoti bo‘ladi, – dedi hokim yordamchisi.

O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva
tayyorladi