Har bir tupdan 3-4 kilogramm hosil olish mumkin
Prezidentimizning joriy yil 12 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori yuzasidan Navoiy viloyatida ham targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Unga muvofiq, qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berish uchun respublika bo‘yicha har bir tumanda 4 nafargacha, jami 672 nafar mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilish boshlandi.
Qaror doirasida mazkur agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga joriy yilda 400 milliard so‘m byudjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratadi. Bunda asosiy e’tibor dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar berish, suv ta’minoti uchun nasos hamda quvurlarni o‘rnatishga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratishga qaratiladi. Shuningdek, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatda yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Imtiyozli kreditlashda sovitkichli ombor va quritish uskunalari 60 foiz qiymatda, qolgan 40 foiziga sug‘urta polisi garov ta’minoti sifatida olinishi belgilab berilgan.
– Ayni vaqtda Konimex tumanida 32 ta fermer xo‘jaligining 362 gektar paxta, 1650 gektar g‘alla maydonlari mavjud, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi M.Turdiyev. – Ayni paytda fermer xo‘jaliklari dala atroflarini obod qilish va ko‘kalamzorlashtirishga e’tibor qaratmoqda. Hududdagi fermerlardan biri qo‘li ostidagi jamoasi ko‘magida dala chetlariga umumiy hisobda 3 ming tupdan ziyod pomidor ko‘chati o‘tqazdi. Yaqin kunlarda “Volgograd” navli pomidor ko‘chati xo‘jaliklarga manzilli yetkaziladi. Bunda har bir tupdan 3-4 kilogramm sara hosil yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari dala maydonidagi ekinlarni changlatish, hosildorlikni oshirish maqsadida har bir fermer xo‘jaligi dala chetida 8-10 tadan kam bo‘lmagan asalari uyasini joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA