Har bir oilaga madad va koʻmak
Buxoro viloyatida Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordamlar tarqatildi.
Buxoro viloyatida Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordamlar tarqatildi.
Ulugʻ ayyom arafasida xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatning barcha hududlaridagi sektor rahbarlari ishtirokida “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har tomonlama moddiy koʻmak berilmoqda.
– Viloyatning 50 ming nafar ehtiyojmand oilalarga jami 10 milliard soʻm moddiy yordam mablagʻlari sektor rahbarlari boshchiligida tarqatildi, – deydi viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Dilfuza Mustafoyeva. – Birgina viloyatning Shofirkon tumani Qalmaqon mahalla fuqarolar yigʻinida 51 ta ehtiyojmand oilaning 224 nafar aʼzosiga 44 milliaon 800 ming soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. Yoki mazkur mahalla fuqarolar yigʻini Qalmaqon koʻchasida yashovchi fuqaro Robiya Boltayeva xonadonida ana shunday ehtiyojmand 7 nafar oila aʼzolariga 1 milliaon 400 ming soʻm moddiy koʻmak berildi.
– Hayit bayrami arafasida davlat rahbarining biz ehtiyojmand oilalarga qilgan gʻamxoʻrliklarini his etdim, deydi Qalmaqon MFY F.Xoʻjayev koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro Rahima Muhammadiyeva. – Oilamizda 4 nafar nogironlarimiz mavjud. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida 800 ming soʻm moddiy koʻmak oldik. Davlatimiz rahbariga bunng uchun minnatdorlik bildiraman.
Romitan tumani hokimi Xurshid Tohirov boshchiligida sektor hududidagi 207 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 497 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarga “Prezident sovgʻasi” sifatida 99,4 million soʻm pul mablagʻlari topshirildi.
Hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj olotlik oilalarga ham moddiy yordam tarqatildi. Prezidentimiz tomonidan Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Olot tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Nargiza Nematova tomonidan tumandagi ehtiyojmand oilalarga 707 million soʻm pul mablagʻlari ajratildi. Tumanda kambagʻal oilalar 1 ming 877 tani tashkil etadi. Mazkur oilalarda 7 ming 725 nafar aholi istiqomat qiladi. Mazkur pul mablagʻlari hududlar kesimida sektor rahbarlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga yetkazildi.
Gʻijduvon tumanida 1985 ta ehtiyojmand oilalar mavjud. Ularda 8 ming 145 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar yashaydi. Bu insonlarga ham “Saxovat va koʻmak” fondi orqali 745,6 million soʻm moddiy yordam tarqatildi.