Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar bilan ishlashda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etgan holda, murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansolarlikka yo‘l qo‘yilmasdan o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishi ta’minlanmoqda.
Tuman Xalq qabulxonasiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida hududda yashovchi jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1 ming 819 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, nisbatdan qanoatlantirish darajasi 12,4 foizga oshgan.
Murojaatlarning 1 ming 408 tasi ko‘rib chiqish va qonuniy yechimini topishi uchun tuman hududidagi tashkilotlarga, 651 tasi viloyat va respublika miqyosidagi tashkilotlarga yuborildi. 20 ta murojaat bevosita Xalq qabulxonasining o‘zida ko‘rib chiqildi.
Jami murojaatning 1 ming 477 tasi ya’ni 72,1 foizi qanoatlantirilgan. Ularning 653 tasi ya’ni 44,2 foizi bo‘yicha muammolar ijobiy hal etilgan. 773 tasi ya’ni 52,3 foiz murojaat yuzasidan murojaatchilarga huquqiy maslahat va ma’lumot berish orqali murojaatlari qanoatlantirilgan. 51 tasi ya’ni 3,4 foiz murojaat uzoq muddatli nazoratga olingan. Murojaat qilgan 569 nafar murojaatchiga qonuniy tartibda huquqiy tushuntirishlar berilgan. 1 ta murojaat rad etilgan. 2 ta murojaat ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lib 3 ta murojaat tugatilgan. Takroriy murojaatlar soni 9 tani tashkil etdi.
Faoliyat davomida Xalq qabulxonasining bevosita aralashuvi bilan 180 dan ortiq murojaat qanoatlantirildi.
Labiro‘t MFY, Labiro‘t qishlog‘ida yashovchi Ne’matulla Sharipovning oilaviy sharoiti og‘irligi, turmush o‘rtog‘i 1-guruh nogironi ekanligi, 2015 yilda yurak xurujiga chalinib, yotib qolganligi, tashqariga olib chiqishda qiynalayotganligini bildirib, 1961 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i Maqsad Xudoyberdiyevaga nogironlik aravachasi olib berishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati yuzasidan fuqaroga nogironlik aravachasi olib berildi. Nogironlik aravachasini fuqaroga topshirish uchun xonadonga borilganda yashash sharoiti og‘irligi aniqlanib, Xalq qabulxonasining aralashuvi, 1-sektor rahbarining tashabbusi bilan uy-joyini ta’mirlash ishlari boshlanib yashash sharoiti yaxshilab berildi.
– "Shukurullo Xo‘ja" fermer xo‘jaligidan 3 quti ipak qurti olib, 239 kg. pilla topshirdim, – deydi tumanning Soktari MFY, Tagiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi O‘lmasoy Shomurodova. – Fermer xo‘jaligi rahbari 712 ming so‘m pilla pulidan qolgan ish haqimni to‘lamayotganligini bildirib, xalq qabulxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Mutasaddi vakillar murojaatimni ijobiy hal qilib berdi. Natijada ish haqim undirib berildi.
Xalq qabulxonasiga Tarxanon MFY, Tarxonon qishlog‘i yashovchi fuqaro Murodova Gulandom MTTga ishga joylashtirishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qilgan. Fuqaroning murojaati bo‘yicha Xalq qabulxonasida maktabgacha ta’mli bo‘lim rahbari bilan suhbatlashilgan. Natijada tumandagi 77-sonli DMTTga ishga joylashtirilib fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgan.
Xalq qabulxonasi tomonidan fuqarolarning murojaatida qo‘yilgan har bir talabni qanoatlantirilishiga erishish uchun mutasaddi tashkilotlarga murojaatda keltirilgan talab va vajlar aniq belgilab berilmoqda. Mutasaddi tashkilotlarning javob xatida har bir talabning bajarilishi o‘rganilmoqda. Jumladan, fuqarolarning murojaatida yozilgan javob xatida tashkilotlar qarorlariga munosabati ma’lumotnoma shaklida va bevosita qo‘ng‘iroq qilish orqali aniqlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA