Haqning ozod quli – Ibrohim Haqqul
Ibrohim Haqqul oʻzbek adabiyoti, ilmu fani dargohida mutlaq oʻz oʻrni va mavqeiga ega boʻlgan fidoyi allomalardan.
Ibrohim Haqqul oʻzbek adabiyoti, ilmu fani dargohida mutlaq oʻz oʻrni va mavqeiga ega boʻlgan fidoyi allomalardan. Oʻzbekistonda tanqid, adabiyotshunoslik, ayniqsa, tasavvuf sohalarini Ibrohim Haqqul faoliyatisiz tasavvur etish mumkin emas.
Ibrohim Haqqul butun ongli faoliyatini, koʻz nuri, sogʻligi, kunduzlari va kechalari, bayramlari va taʼtillarini oʻz Vatani, oʻz xalqi va millati uchun qurbon qilgan shuuri uygʻoq, vijdoni dardlik shaxsdir. U faqat Oʻzbekiston ziyolilari muhitida emas, balki Turkiya, Ozarbayjon ilmu maʼrifat ahli orasida ham katta obroʻga ega. Uning bu obroʻ-eʼtibori nafaqat ilmiy-ijodiy faoliyati, balki oʻz ijtimoiy qarashlarida, oʻz haqiqatlarida sobit turgan matonatli shaxs ekani tufayli hamdir. Sanʼatkor shoir Muhammad Rahmon yozganidek, toʻgʻri va sogʻlom bir eʼtiqodda sobit turuvchi inson asli harakatdagi insondir:
Harakat bu – asli jilmaslik,
Sobit turmoq bir eʼtiqodda.
...Mustamlaka zamonida, oʻtgan asrning 80-yillarida shoir Rauf Parfining TTZ mavzesidagi uyida ijod ahlining samimiy, betakalluf suhbatlari boʻlar edi. (“TTZ” – Toshkent traktor zavodining bosh harflaridan tuzilgan, poytaxtdagi mashhur mavzening nomi.) U dargoh Rauf Parfi atrofidagi katta-kichik shoirlarning qarorgohi edi. Bu suhbatlarning deyarli hech biri Ibrohim Haqqulsiz oʻtmas, chunki u Rauf Parfiga qoʻshni boʻlib yashar edi.
Ibrohim Haqqul millat va Vatan ozodligi gʻoyasiga muvofiq keladigan biror asarni topdim deguncha, darhol u haqda xalqning vijdoni va shuuriga xitob qiladigan oʻtli maqola yozishga haris zotdir. Bir kun Usmon Nosir sheʼriyati haqida gap ketdi. “Usmon Nosirning shoh asari qaysi?” – degan masala oʻrtaga tashlanib, uning jahonshumul asari boʻlmish “Nil va Rim” sheʼri munaqqid va adabiyotshunos olimlar eʼtiboridan chetda qolib kelayotgani gapirildi. Men sheʼrni oʻqib berdim. Ajabki, Ibrohim Haqqul tezlikda bu sheʼrning asl mohiyatini sharhlab, yuksak darajadagi maqola yozdi hamda uni “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining navbatdagi sonidayoq chop ettirdi.
Sheʼrdagi satrlar, ayniqsa: “Ki, tun qancha qaro boʻlsa, oy shuncha yorur” satri va soʻnggi misralari yuraklarni titroqqa solar edi. Yaʼni, Haq taolo xalqning harakatini zulmning muqobilida saqlaydi, bir xalq va millatga qarshi zulm qancha kuchli boʻlsa, u zulmga qarshi kurashuvchilar harakati shuncha kuchli boʻladi. Kecha qancha qorongʻu boʻlsa, oy shuncha yorugʻ boʻladi! Otalarining kesilgan boshidan kelajak imoratini qurgan qulning faryodi ushbudir:
...Kim mard, kim guvoh? –
Ki, tun qancha qaro boʻlsa, oy shuncha yorur!
Spartakning lashkarlari hali ham borur.
Mana, menman u isyonning oʻlmas avlodi,
Mana, menman u qullarning hech soʻnmas yodi,
Mana, menman, falaklarga lov-lov oʻt qoʻyib,
Otalarimning boshidan poydevor uyib,
Kelajagim obidasin qurgan insonman!
Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!..
Bu satrlardan Vatandan olisda – Magadan sovuqlarida daraxt kesib xoʻrlanib yurgan va oʻlimga tik borayotgan Usmon Nosirning oʻlmas ovozi keladi!
Bosqinchilar tasarrufida “shoʻro”, “inqilob”, “tenglik va ozodlik” degan soʻzlarning naqadar soxta va yolgʻon ekani mazkur satrlarda roʻy-rost ochilgan. Darhaqiqat, bu sheʼrda Usmon Nosirning butun gʻoyasi, mustamlaka tuzumini anglash darajasi, erk va ozodlik istaklari, mustabid saltanatga qarshi mardona kurashlari komil holda jamlangan.
Ammo Usmon Nosirning tarjimonlik sanʼati ham alohida oʻrganiladigan mavzu. U yangi davr oʻzbek sheʼriyatida benazir tarjima maktabi barpo qilgan zot. Buyuk Pushkin bilan buyuk Lermontovni oʻzbekcha kuylatgan shoir! Agar ular “Bogʻchasaroy favvorasi” bilan “Demon”ni oʻzbekcha yozsalar edi, bundan ortiq yozolmas edilar. Pushkinning “Bogʻchasaroy favvorasi”dan:
Qovoq solib oʻltirar Garoy,
Lablarida kahrabo chilim.
Dahshatli xon atrofida jim
Bosh egib, tek turardi saroy.
Lermontovning “Demon” dostonidan:
Quvgʻindi ruh, qaygʻuli Demon
Gunohkor yer uzra uchardi.
Masʼud kunlar xayoli shu on
Koʻz oldidan bir-bir oʻtardi...
Usmon Nosirning tarjima sanʼati eshiklarini birinchilardan boʻlib mutafakkir alloma Ibrohim Gʻafur ochdi. Uning tarjimada “asl nusxadagi ruh va shirani saqlashga unringan”ini, sheʼrda “aynan tarjima”ning mohirlaridan ekanini ovoza qildi.
Bas, juvonmarg shoirning mutarjimlik sanʼati adabiyot olamida yanada teranroq ochib berilmogʻi kerak. Bu yangi tarjimonlar avlodi uchun ibrat maktabi boʻlajakdir. Bu xususda yana Ibrohim Gʻafur, Ibrohim Haqqul kabi “ruhshunos” olimlarning gʻayrat va talqinlariga ehtiyoj bor. Zero, haqiqiy olim uchun hech bir adabiy mavzuning ajratilgan chegarasi boʻlmaydi.
* * *
Rauf Parfi xonadonidagi suhbatlarda Ibrohim Haqqulning Gʻafurjon ismli oʻsmir oʻgʻli ham koʻrinib turar edi. U otasiga dastyor boʻlib qolgan. Ibrohim aka: “Javonning falon joyidan Qahhorning (yaʼni, Abdulla Qahhorning) falon jildini olib keling”, desa oʻgʻli adashmay oʻsha jildni keltirar edi.
1988-yilda olimning oʻsha durkun farzandi Gʻafurjon fojiali vafot topdi. Ibrohim Haqqulning motami butun oʻzbek sheʼriyatining motamiga aylandi. Kamina ham ojizona bir marsiya bitdim. Ibrohim Haqqulning dafn asnosidagi oʻzini tutishi, sabr va matonati yaqin doʻstlarini hayratga soldi. Uning saboti va mardligini eʼtirof etmagan doʻst qolmadi. Marhum shoir Muhammad Rahmon oʻlimga xitob qilib: “Xabaring yoʻq oʻzingdan, oʻlim, Allaqachon oʻlib boʻlgansan!” deganidek, Ibrohim Haqqul ham oʻsha mahal oʻz ruhida oʻlimni oʻldirib boʻlgan edi.
Mustamlaka davrining soʻnggi yillarida siyosiy tazyiq ostida qolgan bir jamoa misolida Ibrohim Haqqulning mardona xizmatlarini eslab oʻtmoqchiman.
Oʻzbekistonga 24 yil rahbarlik qilgan Sharof Rashidov 1983-yilda vafot etganidan keyin oʻrniga Inomjon Usmonxoʻjayev rahbar qilindi. Rashidov nomi qoralanib, unga balchiq chaplash, oʻtmishni qoralash davri boshlandi. Ideologiya (mafkura) sohasida bir ayol rahbar boʻlib, barcha milliy, mafkuraviy, maʼnaviy sohalar algʻov-dalgʻov boʻldi. Oldin mafkura rahbari boʻlgan Oqil Salimov qamoqqa olindi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari sifatida fidokorona xizmat qilayotgan Sarvar Azimov nohaq ishdan olinib, adabiyotga nisbatan yangi siyosiy hujum va aybnomalar avj oldi. Pirimqul Qodirov, Togʻay Murod, Sharof Boshbek asarlaridan mafkuraviy xatolar qidirilib, matbuotda tanqid qilindi.
Ana shu asnoda Sarvar Azimov shaxsini himoya qilish bahonasida Oʻzbekistondagi zulm va nohaqliklarni fosh etib, adolatsizlikka qarshi dadil kurashadigan bir jamoa paydo boʻldi. Bular safida Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Ibrohim Haqqul, Saʼdulla Ahmad, Xurshid Davron kabi isteʼdodli qalamkashlar bor edi. Kamina ham shular safidaman, deng. Mazkur jamoa qattiq nazorat va tazyiq ostiga olindi, ularning nashriyot rejasiga kiritilgan kitoblariga qarshi siyosiy aybnomalarga toʻla ichki (maxfiy) imzosiz taqrizlar tashkil etilib, kitoblari nashri taqiqlandi.
Keyinchalik bu tazyiq yashirin holda davom etib, Shavkat Rahmon haqida “Qishloq haqiqati" gazetasida tanqidiy maqola tashkil qilindi. Mening “Munojot” kitobim haqida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida tanqidiy taqriz bosildi. Kitobdagi baʼzi sheʼrlar nuqsondan xoli boʻlmasa ham, lekin bu tanqid zolimlar toʻdasiga kerak boʻlib turgani uchun tashkil qilingani manfur xiyonat alomati edi.
Oʻsha paytda mustamlaka va istibdod sardorlari va ularning xoin malaylariga qarshi taqrizlar yozib, isteʼdodli shoirlarni himoya qilib, mardona kurashgan eng jasoratli va eng faol shaxs, shubhasiz, Ibrohim Haqqul boʻldi. U barcha yashirin taqrizlarga qarshi oʻz imzosi bilan oshkora taqrizlar yozib, oʻzbek sheʼriyatini yangi hujumlardan, oʻzbek shoirlarini yangi siyosiy aybnomalar, hibs va qatllardan himoya qildi. Lekin yashirin taqriz yozgan shaxslar orasida rahmatlik Omon Muxtordek haqiqatga yon bosgan shoirlar, tuhmatlarga qarshi oshkora taqriz yozganlar orasida esa Botirxon Akramov kabi diyonatli olimlar ham bor edi.
Oʻshanda Ibrohim Haqqul mening “Munojot” kitobimga rus tilida bitilgan ichki taqrizga raddiya yozar ekan, bamisoli meni oʻlimdan himoya qilayotgandek, jon-jahdi bilan siyosiy boʻhton va aybnomalarga javob qaytardi. Maxfiy taqrizning rus tilida yozilishi qoʻrqinchli xatardan darak berar edi.
Bizning faoliyatimiz dekabr oyida Pushkin koʻchasi 1-uyda joylashgan Yozuvchilar uyushmasi majlisida muhokama qilindi. Shu sababli baʼzi istehzoli qalamkashlar bizni “Dekabristlar” deb masxara qilar edi. Muhokamada soʻzlagan rahbarlardan biri: “Bular hali oʻz hayotini ham kafolatga olmoqchi” deya bizga oʻlim xavfi bilan tahdid qildi. Asqad Muxtor oʻz nutqida qiynaldi. Shoir Uygʻun kurashchan yoshlarga qarshi gapirishga koʻndirilgan edi, uning pala-partish nutqi kutilmaganda kurashchan yoshlar foydasiga tosh bosib ketdi. Nihoyat, kurashchan yoshlar gʻolib keldi, taqiqlangan kitoblari dunyo yuzini koʻrdi – koʻp nusxalarda nashr etildi.
Qishda Yozuvchilar uyushmasining oshkora Plenumi boʻlib, unda ideologiya rahbari boʻlgan ayol ham ishtirok etdi. Yigʻinda kurashchan yoshlar jamoasining vakili oʻlaroq kamina nutq soʻzlab, baʼzi ijtimoiy masalalar qatorida Navroʻz bayramini qayta tiklash masalasini ham koʻtardim. Mazkur Plenum isteʼdodli yoshlar gʻalabasining yana bir nishonasi boʻldi. Koʻp oʻtmay rahbar ayol ishdan olindi. Oʻzbekistonga Rafiq Nishonov rahbar boʻldi. Sarvar Azimovning mavqei oʻrniga qoʻyildi, Yozuvchilar uyushmasiga qaytarilmasa ham, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi.
Lekin Nishonov davri ham Oʻzbekiston uchun Moskvadan uyushtirilgan yangi fitna va musibatlar davri boʻldi. Oʻsha kurashlar natijasida oʻzbek xalqining dardi va muammolarini koʻtaradigan xalqparvar, vatanparvar, jasoratli va kurashchan bir avlod yetishdi. Oʻzbekistondagi barcha maʼnaviy, ijtimoiy-siyosiy jabhalarda, vatan istiqlolining maʼnaviy asoslarini hozirlashda bu matonatli kuchlar jamoasining xizmati ulkan boʻldi. Ibrohim Haqqul oʻz qalami va shaxsiy jasorati bilan bu kurashchan avlodning oldingi safida turdi.
Oʻsha davrdagi ijodkorlarning birligi, hamjihatligi – sheʼriyatimizni, ijod ahlini zulm va istibdod birlashtirgan davrlardan bir esdalik boʻlib qoldi. Esdalik boʻlganda ham, gʻamgin bir esdalikdir.
* * *
Yana bir ajib voqea. Shukur Xolmirzayev hamisha oʻzini kamtarin va sodda tutsa-da, juda noziktaʼb va nozikdil shaxs edi. Bir kuni buyuk adib oʻzining turli gul va giyohlar bilan ziynatlagan moʻjaz bogʻida goʻyo sarxush holda turli gaplarni gapira boshladi. Shunda Ibrohim Haqqul xayrlashayotib meni ehtiyotga chorladi: “Akaning shaʼnida biror yomon soʻz aytib qoʻymang”, – dedi-da, barmogʻi bilan oʻz boshiga ishora qilib: “Markaz ishlab turibdi! Ertaga hisob-kitob qiladi!” – deb qoʻshib qoʻydi. Darhaqiqat, Shukur akaga sarxush holida ham biror noloyiq gap gapirilsa, hech unutmas, ertasiga uni tahlil qilib, boʻyningizga qoʻyar edi. Men Ibrohim akaning adiblar feʼl-atvoriga va koʻngliga bunchalik eʼtiborchan ekanidan hayratlangan edim. Eng muhimi, Ibrohim Haqqul ijodi orqali ulugʻ adiblarning mohiyatini tanigan shaxs. Afsus, koʻp munaqqidlarda mohiyatni tanish xislati koʻrinmaydi.
Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Rauf Parfi kabi adiblar hushyorligida ham mast, mastligida ham hushyor shaxslar edi. Shukrki, Haq taolo ularga yaxshi tavba bilan olamdan oʻtishni nasib etdi. Shuning uchun xotiralarda faqat ularning yaxshi xislatlarini eslash tarafdoriman.
* * *
Abdulla Oripov oʻzbek sheʼriyatida chin maʼnoda inqilob yasagan shoirdir. U oʻz sheʼriyati bilan faqat oʻziga avloddosh qalamkashlarni emas, balki oʻzidan oldingi dovrugʻi butun yurtni tutgan katta avlod shoirlarini ham haqqoniyat bilan sugʻorilgan sheʼrlar yozishga unday olgan shoir. Abdulla Qahhordek talabi qattiq adibni haq gaplarni oshkor aytishga undagan shoir! Abdulla Oripov va Rauf Parfi oʻzlaridan keyingi shoirlarga haqqoniyat yoʻlini belgilab bergan zotlardir.
Abdulla Oripov ijodi haqida oʻnlab, balki yuzlab maqolalar yozilgandir. Ibrohim Haqqul “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalining 2019-yil 3-sonida chop etilgan maqolasida buyuk shoir ijodining tamoman yangi bir qirrasini ochib bergan. Unda shoir sheʼriyatidagi malomatiylik ohanglari darj etilgan. Malomatiylik aslida oʻz nafsiga malomat qilish usuli bilan kamolotga boradigan yoʻldir. Bu yoʻl mansublari eʼtiqodda Ahli sunnat va val-jamoat mazhabida sobitqadam boʻlib, oʻzlari haqidagi maqtov va tahsinlarini ham malomat bilan qarshilaydilar. Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Mavlono Hamiduddin zikrida: “oʻz holini berkitish va yashirish (satr va kitmon) uchun malomat tariyqida bu ishni (firibni) ixtiyor qilmish boʻlgʻay”, deydilar. “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida esa Mavlono Jomiy haqlarida “Garchi u zot favqulodda hollarni (yaʼni, karomatlarni) oshkor qilishga Haq taoloning amri bilan buyurilgan boʻlmasalar ham, pokiza holatlari malomatiya tariqini shoirlik va mullolik usulida yashirin tutar edilar”, deydi.
Ibrohim Haqqul oʻz tadqiqotida Abdulla Oripovning malomatiylikka daxldor satrlaridan oʻnlab misollar keltiradi. Menimcha, shoirning bu tariyqqa oid eng oliy malomati “Mensiz ham mukammal ekan bu olam, Mensiz ham baxtga yor ekan odamzot” satrlaridir. Yoshlik vaqtidayoq oʻz isteʼdodi qamrovini anglab “Kerak boʻlsa mening uchun ham Javob berar bobom Alisher" deb hayqirgan shoir endi umrining boshqa bir bosqichida: “Mening oʻzi bu dunyoga keragim ham yoʻq ekan!” – deb nido qilmoqda. Bu dardi buyuk shoirning ham oʻz nafsiga, ham olam ahliga yoʻllagan hasratli malomatidir.
Ibrohim Haqqul kashf etgan malomatiylik ohangi Abdulla Oripov ijodining muayyan bir qirrasi, xolos. Lekin shoir sheʼriyatidagi buyuk inqilobiy ruh Ibrohim Haqquldek alloma munaqqidning sharhlariga muhtoj. Hozirgi yoshlar hazrat Navoiydan uzoqlashib borayotgani yetmagandek, Abdulla Oripovdan ham uzoqlashib boryapti. Ular yuki yengil sheʼrlarga koʻnikib qolyapti. Bas, shunday davrda avval Abdulla Oripovdek mumtoz shoir ijodi mohiyatini ochib, undan keyin baʼzi tanqidlarga oʻtilsa, oʻrinli boʻlar, deb oʻylayman. Toki shoirning oʻlmas bogʻiga tosh otishga har kim ham jurʼat etavermasin.
Shuningdek, Choʻlpon Ergash va Asqar Qosimning parda ostidagi ozodlik kurashlari yangi sharh va talqinlarga ehtiyojmanddir. Rahmatlik Asqar Qosim sobiq shoʻro tasarrufidagi mustamlaka mamlakatlar haqida tagdor qilib aytadi:
Nafsi yomon katta baliq ogʻzin ochib,
Yutdi kichik baliqlarni daryoda, hey!
Albatta, shoirning yuksak gʻoya va maqsadlari uning sheʼriy sanʼatidan ustundir.
Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva kabi shoirlar sheʼriyati yangicha talqinlarni kutmoqda. Xurshid Davron, Yoʻldosh Eshbek sheʼriyatidagi yashirin maʼnolar hali ravshan ochib berilmagan.
Munaqqid koʻp, adabiyotshunos olim koʻp. Rahmon Qoʻchqor, Qozoqboy Yoʻldoshev goʻzal va zarofatli asarlar bitdilar. Shuhrat Rizayev ham Ibrohim Gʻafurov mansuralari sari ilq irfoniy yoʻlni ochdi. Lekin kamina bular haqida Ibrohim Haqquldek haqqoniyat adibi ham oʻz haroratli soʻzi, oʻz zarif sharhlarini bayon qilishidan umidvormiz.
Ibrohim Haqqul ilmiy-ijodiy faoliyatida tasavvuf mavzusi muhim oʻrin tutadi. Tasavvuf ilmi olimning yayrab-yashnab suzadigan tiniq ummoni, yayrab-yashnab fikr aytadigan maʼrifiy minbaridir. Hazrat Navoiy aytadilar:
Tasavvuf emas zuhdu taqvoyu toat –
Ki, anda riyo yoʻl topar betavaqquf;
Erur mahz taqvo, va lekin riyosiz,
Ubudiyat – sarfu ayni talattuf.
Yaʼni, “Tasavvuf riyo (oʻzini koʻrsatish holi) toʻxtovsiz yoʻl topadigan zuhdu taqvoyu toat emas, balki, riyodan xoli, sof, xolis taqvodir, insonlarga foyda yetkazib, bandalik qilish, asl lutf va yumshoqlik manbaidir”. Ibrohim Haqqul bu baytlarni gʻayrat bilan sharhlagan. Maqola sarlavhasining istismor ekanini hisobga olmaganda, asarda hazrat Navoiyning buyuk mutasavvif alloma ekani mana shu baytlar sharhidan anglashiladi.
Oshiq va orif shoir Sayyid Qosimiy oʻz masnaviylarida aytadilar:
Ichu toshing gar boʻlmasa muvofiq,
Tasavvufdan dam urma, ey munofiq!
Ibrohim Haqqulning koʻplab sharhlaridan anglashiladiki, tasavvuf nafs tarbiyasi, ich va tashning bir xil boʻlishi, qalbni poklash, zohir va botinni pok tutish taʼlimotidir. Tasavvuf komil inson gʻoyasini oʻzida jamlagan muhabbat va maʼrifat maktabidir. Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy aytadilar:
Muhammadni biling, zoti arabdur,
Tariqatning ishi kullu adabdur.
Tariqatning ishi – mashgʻuloti, amaliyoti boshdan-oxir adabdan iboratdir. Lekin ana shu adab taʼlimotining manbai – zoti arab boʻlgan hazrati Muhammmad alayhissalomdirlar.
Ibrohim Haqqul tasavvufdek adab va muhabbat maktabining asl asosi Haq Rasuli janob Paygʻambar alayhissalomning muborak dargohlari, aqvol va axloqlari, sunnat va ibratlari ekanini teran anglagan olimdir. Zotan, Haq taolo Qurʼoni karimda Ilohiy muhabbatni, yaʼni Alloh sevgisini daʼvo qiluvchilarni Oʻz Rasuliga ergashishga buyurgan. Bunga zid narsani daʼvo qilish tasavvuf olamiga tuhmat boʻladi.
Mening shaxsiy va lekin qatʼiy fikrimcha, Ibrohim Haqqul faqat Oʻzbekistonda yoki Oʻrta Osiyoda emas, balki jahon tasavvufshunoslari davrasida oʻz munosib mavqeiga ega boʻlgan zabardast oʻzbek olimidir. Va u haqli ravishda tasavvuf ilmi dargʻalaridan biridir.
Xojagon-naqshbandiya silsilasining ulugʻ shayxi, avliyoi barhaq hazrati Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy (rahmatullohi alayh) bir gal Surxon vohasidan Toshkentga kelganlarida, Darxondagi gʻaribona uyimizda tasavvuf mavzusida soʻz ochildi. Bu suhbatda adabiyotshunos olim Sayfiddin Sayfulloh ham hozir edi. Shunda tasavvuf mavzusida yozadigan, lekin yozganiga amal qilmaydigan baʼzi olimlar haqida gap ketdi. Hazrat avval “Attang! Attang!” – deb qoldilar. Keyin bu nurli mavzuga qoʻl urgan kishilarning albatta yaxshilikka kelishini karomat qildilar. Ibrohim Haqqul esa, ulugʻ ustoz Erkin Vohidov “Olimu ilmu amal... Shoiru sheʼru shuur” deganlaridek, bu tasavvuf olamining asl fayzidan bahramand boʻlib kelayotgan maʼrifati yuksak allomadir. Shu bois, u kishi necha valiy zotlarning gʻoyibona duosiga sazovor boʻlgan esa, ajab emas!
Atoqli olim Akmal Saidov buyuk mutasavvif, shayx va shoir Fariduddin Attorning maʼnaviy va maʼrifiy xazinalarini tadqiq etib yozgan “Attorshunoslik” nomli kitobida Ibrohim Haqqul asarlaridagi sharhlardan oʻrinli istifoda etgan va bir qancha oʻrinda undan muhim iqtiboslar keltirgan.
Ibrohim Haqqul maʼrifat ustozi sifatida ham oʻz mavqeiga ega. U sermahsul shogirdlarga xayrxohlik qilmoqda. Jumladan, Nodirxon Hasan hazrati Xoja Ahmad Yassaviy, hazrati Haziniy kabi tasavvuf adabiyotining buyuk vakillari ijodidan goʻzal ilmiy-tadqiqiy asarlar yozayotir. Muhammad Abdullayev shoir Ubaydiy sheʼriyatidan tadqiqotlar qilib, valiy shoir devonini nashrga tayyorlayotir. Yana bir shogirdi Aziza Bektosh tasavvuf sohasida xayrli ishlar qilyotgan edi, lekin keyingi vaqtlarni ilm-maʼrifat maydonida kam koʻrinmoqda.
* * *
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk faoliyat davridan boshlab yangi tashabbuslar, teran islohotlar, jasoratli amaliyot namunalari bilan maydonga chiqdi. Hazrati Alisher Navoiy rasmiy xizmatdan koʻngli sovib, ishdan ketmoqchi boʻlib yurgan kezlarida shayx Xoja Ubaydulloh Ahror hazratlari u kishiga maktub yozib, podshohga mulozamat qilishga undadi va xayrli xizmatni sabot bilan davom ettirishga tashviq etdi. Men bu xosiyatli xabarni oʻqiganimdan beri, toki rahbar xalq bilan birga ekan, toki u sidqidildan millat istiqboli xizmatida ekan, vatan ziyolilari davlat rahbari atrofida birlashmogʻi kerak, degan fikrga ega boʻlib kelganman.
Ibrohim Haqqul axloqan tamaʼdan yiroq shaxs, zotan u kishi xolis va muxlis boʻlish haqida soʻz aytdi. Binobarin, butun umrini xalq va vatan saodatiga, ilm-fan xizmatiga bagʻishlab kelayotgan shunday sabotli shaxs faoliyatining ham haqqoniy taqdirlanishiga ishonaman. Shu Vatan, shu xalq, shu millat ozodligi va saodati uchun turli koʻylarga tushgan barcha fidokor ziyolilarni vatanda masrur holda koʻrmoq har bir diyonatli insonning istagidir.
Qaysi mamlakatda ulugʻ shaxsiyatlar koʻp yetishsa, u yurt rahnamosining ulugʻligidan dalolatdir. Tuban podshohlar doim Shaxslarni yoʻqotishga uringan. Muhammad Fuzuliydek zot hazrat Alisher Navoiyni eslaganda “Manzuri shahanshohi Xuroson” deb tavsiflagan. Aslida Husayn Boyqarodek shahanshohning nomi jahon tarixida qolishi Mavlono Jomiy, Mavlono Navoiy kabi bebaho shaxslar tufaylidir.
Mening tasavvurimda, Ibrohim Haqqul bir yuksak tepada turib, oʻz xalqini yaxshilik, haqiqat, adolat sari – abadiy hayot sari chorlab turgan munodiy bir Shaxsdir.
Mirzo KENJABEK,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Xalqaro Bobur mukofoti sohibi.