Hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida
Saudiya Arabistoni Podshohligi tashkil etilganiga 93 yil to‘lishi munosabati bilan jahon mamlakatlarida “Orzu qilamiz va amalga oshiramiz” shiori ostida tantanalar bo‘lib o‘tdi. Shunday tadbir Toshkentda ham o‘tkazildi.
Ushbu arab mamlakatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solih al-Gahra al-Utaybiy ta’kidlaganidek, bundan 120 yil oldin 26 yoshga to‘lmagan yosh yigit 60 jangchiga bosh bo‘lgan holda Arabiston yarim orolidagi sahro qo‘ynidan chiqdi.
O‘sha payt Arabiston yarim orolida qabilalar o‘rtasida nizo kuchayib, kuchli zaifni ezayotgan, ozgina suv va o‘t-o‘lan uchun o‘zaro urush kechayotgan zamon edi. 1902 yil 15 yanvarda bir yosh yigit ota-bobolari istiqomat qilgan “Masmak” qasrini egalladi va 30 yil ichida tarqoq shahar va qishloqlarni birlashtirdi. 1932 yil 23 sentyabrda Saudiya Arabistoni Podshohligi nomi ostida uchinchi Saudiya davlati barpo bo‘lgani e’lon qilindi. O‘sha yigit – mamlakat asoschisi marhum Podshoh Abdulaziz bin Abdurahmon Ol Saud 21 yil mobaynida davlatni boshqardi.
– Yangi qurilgan davlat Arabiston yarim orolidagi qaqrab yotgan sahro, kambag‘al shahar va qishloqlarda oddiy, hayotiy zaruratni muhayyo qildi, orzularni amalga oshirdi va katta yigirmalikka kiruvchi dunyoning kuchli iqtisodga ega davlatlaridan biriga aylandi, – dedi Yusuf bin Solih al-Gahra al-Utaybiy. – Bu yurt ishbilarmonlik loyihalarida yetakchiga aylanib, farzandlarini koinotga yo‘lladi. 2030 yil poytaxtda xalqaro EKSPO ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hanuz orzularimiz ko‘p va Allohning inoyati bilan, rahbarlarning farzandlar kamoliga alohida e’tibori asosida amalga oshiramiz.
Elchi qayd qilishicha, “Hayotiy jamiyat, rivojlangan iqtisodiyot va olg‘a intilayotgan Vatan kabi uch asos – yetakchi investitsiya kuchi, loyihalarni amalga oshirish va dunyo qit’alarini birlashtirishga tayanadigan keng qamrovli “2030 yilga nigoh” strategiyasi ilgari surildi”. Shu asos – dastur va rejalar orqali ayni strategiya amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda strategiya yutuqlari ko‘o‘ga tashlana boshlandi.
Strategiyaning asosiy jihatlari – xalqaro kompaniyalarni kuchaytirish, xalqaro mavqeni oshirish, investitsiya kuchini barpo etish, mustahkam iqtisodiy asos yaratish, korrupsiyaga qarshi kurash, ijodiy va innovatsion strategiya bunyod qilish.
Muhimi, ko‘zda tutilgan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Masalan, kelajak shahri bo‘lgan Niyum bunyod etilmoqda. Bu g‘oya qator loyihalarni qamrab oladi: jumladan, “Za layn” shahri 170 kilometrga cho‘ziladi va 500 metr balandlikda joylashadi. Bunda yerning tabiiyligi 95 foiz saqlab qolinadi, avtomobil yo‘li, uglerod chiqindisi bo‘lmaydi. Bunday shaharda kundalik ehtiyojni piyoda yurgan holda, ko‘pi bilan 5 daqiqada ado etish mumkin. Shaharning ikki eng uzoq nuqtasi orasi 20 daqiqada bosib o‘tiladi. Shahar 100 foiz tiklanuvchi energiya bilan ta’minlanadi.
“2030 yilga nigoh” strategiyasining yana bir yirik loyihasi, 2017 yil 31 iyulda e’lon qilingan “Qizil dengiz” to‘liq amalga oshgach, yalpi milliy mahsulot 4 milliard dollar, ya’ni 15 milliard riyolga yetadi va 35 ming yangi ish joyi yaratiladi. Hududdagi Jidda shahridan 500 kilometr shimolda joylashgan o‘nlab orollarning 22 tasidan foydalaniladi. Loyiha 8000 o‘ringa ega 50 mehmonxona va boshqa joylashuv inshootlari, 1300 uy-joy, yaxta to‘xtaydigan joy, golf maydoni, ko‘ngil ochar majmualar, ichki va tashqi reyslarni qabul qiladigan va soatiga 900 yo‘lovchiga xizmat qiladigan aeroportni qamrab oladi.
Iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy reja va dasturlar amalga oshirilishi bilan birga mamlakatning xalqaro maydon va mintaqadagi siyosiy o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan ishlar ham jadal olib borilmoqda. Xususan, 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik muloqotning birinchi sammiti o‘tkazildi. Anjuman ishtirokchilarini mushtarak meros va manfaat, chuqur tarixiy rishta birlashtiradi. Mamlakatlar rahbarlari bir ovozdan ikki va ko‘p tomonlama siyosiy va strategik aloqani mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqarorlik yo‘lida siyosiy muvofiqlashtirish ahamiyatini ta’kidladilar. Shuningdek transport-kommunikatsiya, oziq-ovqat, energetika va suv xavfsizligini kafolatlash, “yashil”, tiklanuvchi energetika manbalari va texnologiyalarini rivojlantirishda hamkorlik qilish, savdo aloqalari uchun sharoit yaratish, investitsiya imkoniyatini qo‘llab-quvvatlash, savdo ayirboshlash hajmini oshirish masalalari ko‘tarildi.
“Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari 2025 yil Samarqandda ikkinchi sammitni o‘tkazishga kelishib oldilar”, dedi janob Al-Utaybiy.
Saudiya Arabistoni Podshohligi 1991 yil 30 dekabrda birinchilar qatori rasman O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e’tirof etgan. 1992 yil fevralda marhum shahzoda – tashqi ishlar vaziri Saud Al-Faysalning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida o‘zaro diplomatik aloqa o‘rnatish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolangan. 1992 yil noyabrda Jidda shahrida O‘zbekiston Respublikasi konsulxonasi ochildi, 1995 yil mayda poytaxt Riyozda Elchixona ochildi. 1997 yil martda Toshkentda Podshohlik Elchixonasi faoliyat boshladi.
Ikki qardosh mamlakat – Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi bugungi aloqalar ikkala davlat rahbarlarining o‘zaro munosabatni yanada kengaytirish va mustahkamlash borasidagi intilishini yaqqol aks ettiradi. Podshohlikning “2030 yilga nigoh” strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi hamohang.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 17-18 avgustda Podshohlikka amalga oshirgan tarixiy tashrifi va Valiahd shahzoda, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Hazrati Oliylari bilan o‘tkazgan muzokaralari ikki yoqlama aloqa tarixidagi hamkorlikni yuqori darajaga ko‘tardi. Tashrif mobaynida ko‘plab hukumatlararo hujjatlar, xususiy sektor vakillari o‘rtasida bitimlar imzolandi.
O‘zaro aloqalarda Saudiya – O‘zbekiston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi muhim o‘rin tutadi. Hozir qo‘shma komissiya muloqotining 6-davrasiga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Bundan tashqari, o‘zaro savdo ayirboshlash va investitsiya hajmi oshishiga hissa qo‘shayotgan Saudiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zaro aloqalar rivojida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi muhim o‘rin egallaydi. Jamg‘arma O‘zbekistonga taqdim etgan imtiyozli kredit hajmi 300 million dollardan oshdi. Toza va tiklanadigan energetika sohasida faoliyat ko‘rsatadigan “ACWA Power” shirkatining O‘zbekistonga yo‘llagan investitsiyasi hajmini 15 milliard dollarga yetkazilishi kutilmoqda. Mazkur korxona mamlakatimizda energetika sohasi infrastrukturasini yangilashga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik markazi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarda tashabbus va dasturlar taqdim etmoqda.
Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari ham amaliy sheriklikni tobora kengaytirmoqda. Podshoh Salmon nomidagi arab tilini o‘qitish akademiyasi dasturi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda bakalavr bosqichida o‘qishni istagan kishi “Saudiya Arabistonida tahsil ol” platformasiga kirishi va ta’lim olish uchun xohlagan yo‘nalishini tanlashi mumkin. Boshqa qator sohalarda ham ikki yoqlama hamkorlik bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.
Sharofiddin To‘laganov,
O‘zA