Hamkorlik memorandumi imzolandi
Bugungi kunda fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi yuzasidan belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishini ta’minlash, fuqarolarning ta’lim va fan sohasida iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish dolzarbligicha qolmoqda.
Shu va boshqa bir qator masalalarda hamkorlikda ish olib borish maqsadida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Navoiy viloyat hududiy birlashmasi va Navoiy davlat pedagogika instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuv doirasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan maqsadlarga erishilishi va vazifalarning o‘z vaqtida hamda samarali bajarilishini jamoatchilik nazorati tartibida monitoring qilish masalalarida hamkorlik qilish muhokama qilindi.

Kelishuvda fuqarolarning iste’mol madaniyatini shakllantirishda keng jamoatchilik, mutasaddi tashkilot va muassasalar, shu jumladan, professional, oliy ta’lim va fan sohasi vakillarini jalb qilgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqish, seminarlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar hamda ommaviy tadbirlarni tashkil etish orqali iste’molchilarning huquqiy bilim saviyasini oshirish belgilangan.
Shu bilan birga ikkala tashkilot ta’lim oluvchilarning iste’molchi sifatida huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish borasida hamkorlik qilish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga oid masalalarda turli ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borishni tashkil etish, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini fuqarolarga keng tushuntirish ishlarini tashkil qilish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri