Hamkorlik masalasi muhokama qilindi
Ma’lumki, Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro iqlim sammiti – “COP28” ishida 190 dan ortiq davlatning 70 mingdan ziyod vakili – hukumat rahbarlari, mutaxassis-olimlar ishtirok etdi. Anjumanda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi asosiy qoidasini amalga oshirish, bugungi ekologik tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, “yashil” taraqqiyot bilan bog‘liq maqsad va vazifalarni ilgari surishda keng ko‘lamli hamkorlik qilish masalalari tahlil qilindi.
Konferensiya doirasida qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov Islom oziq-ovqat tashkiloti vakillari bilan uchrashib, O‘zbekistonning Islom oziq-ovqat tashkiloti bilan hamkorligi istiqboli, yurtimizda agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish yo‘llarini muhokama qildi. Muloqot davomida organik oziq-ovqat yetishtirish, bug‘doyni parvarishlash bo‘yicha tajriba almashish, diyorimizda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va mevalarni Dubayga eksport qilish maqsadida samarali sheriklik o‘rnatish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Vazir o‘rinbosari Dubay Qishloq xo‘jaligi vazirligi yetakchi agronomi Doktor Xalil Ur Rahmon bilan ham suhbatlashdi. Muzokarada tomonlar global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratib, aholi soni o‘sishi va iqtisodiyot tarmoqlari kengayishi asnosida suvga talab ortib borayotgani, natijada suv resurslari taqchilligi yil sayin kuchayib borayotganini ta’kidlashdi. Bu jarayonda aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tajriba almashish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrga kelishdi.

Zero, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, ayni yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali xalq farovonligini oshiradi, turmush sifatini yaxshilab, yurt taraqqiyotini tezlashtiradi.
M.Komilova, O‘zA