Halollik haqida yoki chiroyli ragʻbat topganim
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga qilgan navbatdagi Murojaatnomasini oila davrasida jon qulogʻimiz bilan tingladik.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga qilgan navbatdagi Murojaatnomasini oila davrasida jon qulogʻimiz bilan tingladik.
Ayniqsa, Yurtboshimiz jamiyatimizning rivojiga toʻsqinlik qilayotgan eng ogʻriqli masala – korrupsiya muammosiga toʻxtalib, bu illat turli koʻrinishda namoyon boʻlib taraqqiyotimizga gʻov boʻlayotgani haqida kuyunchaklik bilan shunday fikrlarni bildirdi: “Bu illatni yoʻq qilmas ekanmiz, rahbarlarimizni, halollik vaksinasi bilan emlamas ekanmiz, davlatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz hayotini farovon qilishdek ezgu maqsadimizga aslo erisha olmaymiz”.
Muhtaram Yurtboshimiz ilk bor qoʻllagan “Halollik vaksinasi” yangi iborasi, ayniqsa, “bunday vaksinani qayerdan olamiz, deya zalga qarab bergan hazilomuz savoli meni oʻylantirib qoʻydi.Haqiqatdan ham, “Halollik” vaksinasini qayerdan olish mumkin?! Uning bozori qayerda, narxi qancha?! “Halollik” oʻzi nima?!,degan savollar gʻujgʻonida tun boʻyi toʻlgʻonib chiqdim.Davlatimiz rahbarining “korrupsiya har birimizning atrofimizda yuribdi, shuning uchun, unga qarshi hamma bir boʻlib kurashish lozim”, degan daʼvatlari bu boradagi fikrlarimni jamlab, qogʻozga toʻkishga izn berdi.
Bolaligimizda dadam ukalarimni ozgina nojoʻya xatti-harakatlaridan ranjib qolsa, chuqur tin olib, “Bolam, men sizlarni halol luqma bilan boqayapman”, deb qoʻyardi. Bu bir ogʻiz soʻz biz uchun katta dashnom edi. Yillar oʻtib yoshim ulgʻaygan sayin bu soʻzning salmogʻini teranroq anglab yetayapman. Halollik bilan hayot kechirish oliy saodat ekanligini, halollikdan boshiga toj kiygan inson eng ulugʻ yaralmish ekanligini bilib borayapman. Biroq, halol insonlarga har doim ham yashash oson kechmasligini, bundaylarning boshlari toshlarga urilsa-da, oʻz aʼmolidan qaytmasliklari va sobitqadamlik bilan yana oʻz yoʻlida mardonavor odimlashlarini odamiylikning yuksak choʻqqisi ekanligini tinglovchilarimga uqtirishdan charchamayapman.
Koʻp yillar nufuzli tashkilotning katta kon boshqarmasida fuqarolar murojaati boʻyicha mutaxassis boʻlib ishladim. Faoliyatim davomida yuzlab odamlarning ishga joylashish, uy-joy ajratish, moddiy yordam olish, farzandlari uchun shartnoma pullarini toʻlab berish kabi murojaatlarini oʻrganib, rahbariyatga yetkazish va ularning ijobiy yechim topishida koʻmaklashish kabi xayrli ishlarga bosh qoʻshganman. Lekin biron bir kishidan biron marta biron narsa tama qilmaganim va biron bir kishini dilini ogʻritmaganim mening yutugʻim boʻldi. Ishi bitishi ilinjida biron nima taklif qilganlarga javobim keskin boʻldi.Birovni, ayniqsa, koʻpni haqidan hazar qildim. Masʼuliyatli vazifada ishlaydigan turmush oʻrtogʻimga ham uqtirganim hushyorlik boʻldi. Bolalarimizga shubhali narsa yedirmadik.
Bugun bosib oʻtgan yoʻllarimga qarab oʻzimdan-oʻzim xursand boʻlib ketaman. Zafarobodga borganimda odamlarning menga tomon yuz-koʻzlari kulib peshvoz chiqishlaridan bagʻrim toʻlib, koʻnglim yayrab ketadi. “Yo Olloh oʻzingga shukur. Yaxshiyamki, shayton yoʻldan urib, birovdan bir soʻm olmaganim”, deyman huzurlanib. Negaki, odamlar yuragidagi hamma gapni tilga chiqarmasliklari mumkin, biroq, ularning koʻzlari gapiradi, sizdan roziligi yoki noroziligi yuz-koʻzlarida aks etib turadi. Insonlar sendan, sening ishlaringdan rozi ekanligini his qilib turishdan ortiq shirin tuygʻu boʻlmasa kerak?!
Farzandlarimiz dadasi bilan mening xalqqa, atrofimizdagi odamlarga beminnat xizmatlarimizni koʻrib ulgʻayishdi. Sovchilar qizimga eshik qoqib kelganda, onalik mehriga yoʻgʻrilgan komil ishonch bilan shunday dedim: “Qizim juda chaqqon, uy-roʻzgʻor ishlarini yuz foiz uddalaydi, deb aytolmayman.Biroq, bir narsani dadil ayta olaman: Nozimani koʻngli toʻgʻri, qoʻli toʻgʻri. Hech qachon birovning haqqiga xiyonat qilmaydi”.
Nozimani baxt toʻyida katta davrada yuragim toʻlib, faxr bilan shunday dedim: “Biz Nozimaga halol luqma berib katta qildik, u bizni yuzimizni hech qachon yerga qaratmaydi”. Toʻyxonada hamma yalt etib, kelinga qaradi.
Har bir onaga farzandining feʼl-atvori oynaday ravshan. Qolaversa, koʻpchilikni tang qoldirgan shunday voqealar boʻlganki, men bunga ming karra ishonch hosil qilganman. Bir misol: Qizim litseyga oʻqishga kirganda, biz Zafarobodda yashardik, u esa Navoiy shahrida ijarada yashadi. Bir kuni u oʻqishdan kelib, yeguliklarini olaman deb, sovutgichni ochsa, unda bir tarelka qulupnay bor ekan. Qizim bechora oʻzini tutib turolmay, qulupnaydan bittasini olib ogʻziga solibdi. Nozima yakshanba kuni uyga kelganda, menga bu haqda ichki bir iztirob bilan aytib berdi. “Ayajon, qanday boʻlmasin, Zulfiya xolamdan kechirim soʻrab, roziligini olishimiz kerak”, dedi. Biz bu orada Qirgʻizistonga boradigan boʻlib qoldik. Katta bozordan u, bu xarid qilar ekanmiz, xomush yurgan Nozimaga qarab, “Qizim, sen ham oʻzingga biron nima tanla”, dedim. Shunda u biroz tortinib, “Ayajon, menga hech narsa kerak emas, Zulfiya xolamga sovgʻa olaylik, qulupnay uchun”, dedi. Mening koʻzlarimga yosh keldi. Ona-bola chiroyli bir kiyimlik mato tanladik va uyga qaytgach, oʻsha u ijarada turgan xonadonga borib, boʻlgan voqeani aytib, uzr soʻradik va sovgʻamizni topshirdik. Uy bekasi hayron boʻlib, “Voy oʻlmasam, men roziman, voy, men roziman”, derdi faqat.
Nozima oliy oʻquv yurtiga kirgandan keyin yosh boshi bilan juda koʻp nohaqliklarga duch keldi. Uning oilada koʻrgan tarbiyasi bilan, atrofidagi olam batamom boshqa edi. Ayniqsa, yoshi oltmishdan oshgan oʻqituvchining talabalar haqidan qoʻrqmay qiladigan kirdikorlarini koʻzi bilan koʻrib, “Ayajon, ustozim u dunyoda qanday javob berarkin-a”, deya ajablanardi.
Oʻgʻlim transport sohasida yoqilgʻi-moy materiallari boʻyicha muhandis boʻlib ishlaydi. Kichik jamoada ishchi-xodimlarga ish soatlari yozish, yoʻl varaqalarini tarqatish, yoqilgʻi-moy mahsulotlari hisobini yuritish, oylik tarqatish kabi vazifalarni halollik bilan yuritishini koʻrib dilim yayrab ketadi. Dastlab ish boshlaganda, oylik tarqatish paytida, ishchilar unga 4-5 ming soʻmdan qoldirib ketishmoqchi boʻlishibdi. Oʻgʻlim keskin ohangda; “Aka, bu sizning mehnat haqqingiz, bolalaringizni rizqi”, deb pullarni qaytarib olishga majbur qilibdi. Hamma hayronmish. Kimdir unga ajablanib, kimdir harsand boʻlib qararmish. Negaki, bundan oldingi kassir ishchi-xodimlarni shunga odatlantirib qoʻyganekan-da.
Bir kuni ish yuzasidan oʻgʻlim ishlaydigan hududga borib qoldim. Katta yoshdagi bir ishchi: “Opa, siz Burxonni onasimisiz”, dedi. “Ha”, dedim. “Sizga katta rahmat, bolangiz nihoyatda halol bola”, dedi. Bu soʻzni eshitib dunyolarga sigʻmay ketdim. Mening 28 yillik mehnatimga berilgan Oliy mukofot shu edi.
Demak, halollik vaksinasi bilan emlashni shaxsiy namuna koʻrsatib bolalikdan boshlashimiz kerakka oʻxshaydi. Ustoz murabbiy Nurxon Bekniyozov taʼkidlaganidek, “...halollik vaksinasi bilan emlashni bolalikdan boshlash kerak. Balki chaqaloqlikdan, balki undan ham ancha oldindir. Agar biz shu jarayonni yaʼni, emlashni bugundan boshlasak, albatta Yurtboshimiz koʻzlagan maqsadga erishamiz”.
Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati muzeyi rahbari sifatida faoliyat yuritar ekanman, ushbu dargohga qadam qoʻyganki kishiga, ayniqsa talaba va oʻquvchi yoshlarga oʻqib-oʻrganishga muhabbat, ishga masʼuliyat, halollik haqida gapirishdan charchamayman. Soʻzlarimni talaba yoshlar jon dillari bilan tinglashadi. Baʼzi bir paytlar shunday qiziq holatlar yuz berib qoladi. Halollik haqida toʻlib-toshib gapirganimda talabalar beixtiyor ustozlariga qarab qoʻyishadi. Ustozning yuzlari tundlashgandan-tundlashib, kelganiga ming pushaymonlar yeb ketadi. Qanday uyatli vaziyat. Biroq, bundan xulosa chiqaruvchilar kam boʻladi...
Bir kuni tibbiyotchilar bilan boʻlgan uchrashuvdagi suhbatda halollik haqida ham gapirib oʻtdim va soʻzlash asnosida auditoriyani kuzatib bordim. Soʻzlarimdan kimning koʻzlari yonib, yuzlarida xayrixohlik tuygʻulari jilva qildi. Ularning koʻpchiligi tadbir yakunida yonimga kelib minnatdorchilik bildirib ketishdi. Kimlarningdir esa yuzlari tundlashib, qovoqlari uyuldi. Oʻzini noqulay his qilib, qanday chiqib qochishini bilmay oʻtirdi”. Uchrashuvdan keyin bir masʼul shaxs “Opa, biroz qaltisroq gapirib yubormadizmi?”, dedi shumshayib. “Ie, bu illatlarni men gapirmasam, siz gapirmasangiz, kim gapiradi. Ha, gap egasini topsin-da. Qachongacha bir arava loy boʻlib yuramiz”, — dedim tutoqib. Shundan keyin men bunday tadbirlarga taklif qilinmay qoʻydim.
Xullas, korrupsiya, degan jirkanch illat bizda shunchalik chuqur ildiz otib ketganki, bu haqda ogʻiz ochganlarni ham oʻz domiga tortib ketishi hech gap emas edi. Biroq,Muhtaram Prezidentimiz oʻz murojaatnomasida bu ishni tizimli yoʻlga qoʻyish etish uchun alohida organ tashkil etilishini eshitib, yuragimga yorugʻlik tushdi va halollikni targʻib qilish yoʻlidagi faoliyatimni davom ettirishimga chiroyli ragʻbat uygʻondi.
Salima XOLDOROVA,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati
tarixi muzeyi rahbari