Hakamlik sudini nodavlat notijorat tashkiloti ta’sis etadi
“Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun joriy yilning 24-iyulidan kuchga kirdi.
Mamlakatimizda nizolarni hakamlik sudlarida hal qilish mexanizmi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar hakamlik sudlari faoliyatining qonuniy asoslarini hamda ular ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, hakamlik sudlariga qo‘yiladigan talablarni aniqlashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Qonunga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari endi hakamlik sudlarini tashkil eta olmaydi hamda hakamlik bitimining tarafi bo‘la olmaydi.
Shuningdek, yer bilan bog‘liq, bino va inshootlarga egalik huquqini belgilashga oid nizolar, byudjet tizimi byudjetlaridan hamda yuqorida sanab o‘tilgan tuzilmalardan pul mablag‘larini undirish bilan bog‘liq masalalar hakamlik sudlari tomonidan hal etilmaydi va davlat sudlari vakolatiga o‘tkaziladi.
“Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga binoan, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudini endi faqat nodavlat notijorat tashkiloti tashkil eta oladi.
Ilgari amalda bo‘lgan umumiy “yuridik shaxs” tushunchasi o‘rniga aniq mezon joriy etildi.
Qonunga muvofiq, hakamlik sudyalari Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan maxsus dastur asosida o‘quv kurslaridan o‘tishi hamda o‘z bilimi va kasbiy malakasini muntazam ravishda oshirib borishi shart.
Hujjatda belgilanishicha, muayyan nizo yuzasidan hakamlik sudyasi sifatida ishtirok etgan shaxs shu ish bo‘yicha keyinchalik taraflarning vakili sifatida qatnasha olmaydi. Mazkur norma Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslariga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali mustahkamlandi.
Qoidabuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 175⁹-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra:
– hakamlik sudlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish;
– davlat organlari, tashkilotlari, muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hakamlik bitimi tarafi bo‘lishi (jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda);
– yuqorida ko‘rsatilgan tuzilmalar tomonidan hakamlik sudi qarorlarining qonunga xilof ravishda ixtiyoriy ijro etilishi kabi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Ushbu huquqbuzarliklar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha oshiriladi.
Hakamlik sudi ishida ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlariga daxldor qaror chiqarilgan shaxslar uchun ham hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risida ariza berish muddati belgilandi.
Bunday hollarda o‘ttiz kunlik muddat ular qaror qabul qilinganidan xabardor bo‘lgan kundan boshlab hisoblanadi. Mazkur norma Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga ham tegishli ravishda kiritildi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu qonun hakamlik sudlari tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlash, malakali hakamlik sudyalari korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘tkir Mamadaliyev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.
O‘zA