Hajviy roman yaratgan adib
Taqdimot
Insonga tabassum hadya etishning turli yo‘llari bor va bu shunchaki oddiy ish ham emas, shu bilan birga hamma ham buni eplay olmaydi. Buning uchun unda katta yurak va iqtidor bo‘lmog‘i kerak. Chunki insonning ko‘ngli nozikdir. Noo‘rin aytilgan birgina so‘z insonga umrining so‘ngigacha azob berishi va aksincha birgina jumla unga yillar davomida katta kuch va ko‘tarinki kayfiyat berishi ham bor gap. O‘zbek adabiyotida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan, kulgi ulashishdan charchamagan zabardast ijodkor bu Ne’mat Aminovdir.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminovning nomi kitobxonlarga yaxshi tanish. Adib dastlabki hikoya va hajviyalari bilan o‘z o‘quvchilarini topgan ijodkorlardan. O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad iborasi bilan aytganda “Ne’mat Aminov o‘zbek adabiyotida birinchilardan bo‘lib, hajviy roman yaratdi. Bu asar har jihatdan yetuk, adabiyotimizda uzoq vaqt kulib turadigan kitoblardan biri”.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adib Ne’mat Aminovning “Tanlangan asarlar” kitobining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar hamda yoshlar, adib bilan uzoq vaqt birga mehnat qilgan ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid olib bordi. Taniqli adabiyotshunos olim, tarjimon Zuhriddin Isomiddinov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov, rassom Husan Sodiqov va boshqalar so‘zga chiqib Ne’mat Aminov ijodidagi yorqin qirralar, so‘zga bo‘lgan e’tibori va hurmati, hozirjavoblik borasidagi mahorati, hajvga o‘ta boy xislatlari va samimiyligi haqida o‘z fikrlarini bayon qildi.

– Ijod olamida eng murakkab janr bu hajvchilikdir. Bu mushkul ishni hamma ham o‘z zimmasiga olmaydi. Shu bilan birga Ne’mat Aminov yana bir yo‘nalish – tarjimada ham shijoat bilan qalam tebratdi. Ko‘plab mamlakatlarning kulgi darg‘alari asarlarini o‘zbek tiliga qoyilmaqom qilib o‘girdi. Hajvda tarjima nihoyatda mushkul vazifa sanaladi. Lekin Ne’mat Aminov buni katta mahorat bilan ado etdi. Ushbu to‘plamni qo‘lga olgan o‘quvchi mutolaa jarayonida bunga to‘liq amin bo‘ladi. Bizning, yoshlarning va barcha kitobxonlarning adibdan katta qarzimiz bor. U ham bo‘lsa, uning asarlarini mutolaa qilishimiz va adibga yuksak ehtirom ko‘rsatishimiz lozim, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Suvon Meliyev.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashr etilgan ushbu to‘plamdan yozuvchining “Yolg‘onchi farishtalar” romani, “Bir asar hikoyati” qissasi, dilbar hikoyalar va ichakuzdi hajviyalari hamda o‘z vaqtida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan feletonlari o‘rin olgan. Kitobni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev nashrga tayyorlagan.
Asror Sulaymonov, O‘zA