
Assalomu alaykum. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi virtual muxbiri sizlarni o‘tgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqea va hodisalar tafsilotlari bilan tanishtiradi.
Shavkat Mirziyoyev o‘n birinchi - o‘n uchinchi mart kunlari Emmanuyel Makronning taklifiga binoan Fransiyada davlat tashrifi bilan bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuyel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar. Shuningdek, Fransiyaga qilingan ilk davlat tashrifi davomida (bungacha rasmiy tashriflar edi) quyidagilar ham imzolandi:
➖ O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
➖ mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim;
➖ Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda olti yarim milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi;
➖ fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma;
➖ Toshkent va Parij shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bayonnoma va boshqa ikki tomonlama hujjatlar.
***
Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi.
Bir ming sakkiz yuz ikkinchi yilda ta’sis etilgan yuksak mukofotni Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron tantanali ravishda topshirdi. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi. O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu yuksak orden berildi. Ikki yuz yildan ortiq davrda orden Sharl de Goll, Uinston Cherchill, Lui Paster, Jan-Pol Belmondo, Aleksandr Dyuma, Yuriy Gagarin, Nelson Mandela, Franklin Ruzvelt, Yelizaveta ikkinchi, Li Kuan Yu kabi davlat, siyosat, fan va madaniyat arboblariga berilgan.
***
Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
Qabul davomida joriy yilning kuzida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining qirq uchinchi sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, Bosh konferensiyaning qirq uchinchi sessiyasi so‘nggi qirq yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning sakson yilligiga to‘g‘ri keladi.
***
Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashib, yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Ann Idalgo O‘zbekiston rahbariga olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashda ko‘rsatilgan yordam uchun tashakkur bildirdi.
Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.
***
Bugunga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat. O‘zbekiston Milliy axborot agentligini kuzatishda davom eting.