Gulchilik – barqaror daromad manbai
FOTOREPORTAJ
Ayni kunlarda Farg‘ona shahridagi 73 ta MFYda aholi tomorqalarida foydalanish, bu borada istiqbolli va intensiv loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha quvonarli natijalarga erishilmoqda.
Buning samarasi sifatida mahallalar gulchilik, sitrus mevalar, qo‘ziqorin, turli ko‘kat va sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashib, oilalar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lyapti. Issiqxonalarda esa yilning to‘rt faslida ham mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.
Farg‘ona shahrining chekka hududida joylashgan «Xo‘jamag‘iz» MFY ahli sabzavotchilik, chorvachilik, ko‘kat va ziravorlar yetishtirishda mirishkor hisoblanadi. Keyingi yillarda mahalladagi xonadonlarda bir va ko‘p yillik gullarni parvarishlash tobora ommalashib borayotir.
- Oilamiz birgalikda 25 sotix issiqxonamizda 20 turdan ortiq gullar parvarishi bilan shug‘ullanamiz, - deydi «Xo‘jamag‘iz» MFY Ulug‘vor ko‘chasida yashovchi Ulug‘bek Toshtemirov. - Bu gullarning aksariyati xorijdan keltirilgan bo‘lib, yilning to‘rt faslida ham ochiladi. Shu bois xaridor uzilmaydi. Oilamiz daromadi yildan-yilga yaxshilanmoqda.
[gallery-20687]
Ayni jarayonda Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari gul parvarishi, agrotexnikasi, kasalliklarga qarshi kimyoviy va biologik o‘g‘itlardan me’yorida foydalanish, bozor talabi va ehtiyojini o‘rganib borishgacha bo‘lgan barcha ishlarda tomorqachilarga yaqindan ko‘mak berishmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA