Gugurtlarga yashiringan geroin fosh etildi
Giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmacining oldini olish, hamyurtlarimiz, ayniqsa yoshlarimizning zahri qotil sanaluvchi ushbu illat girdobiga tushib qolishiga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda “geroin” giyohvandlik moddasining noqonuniy aylanmada bo‘lishi holati fosh etilib, minglab hamyurtlarimizning zahri qotil iskanjasiga tushib qolishining oldi olindi.
To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro T.S shartli xaridorga 1 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutisiga solingan 4 dona o‘ramda sarg‘ish rangli o‘tkir hidli kukunsimon moddani oldindan kelishilgan 200 AQSH dollariga sotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Shundan so‘ng, ushbu fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida ustidagi ko‘k rangli shimining o‘ng cho‘ntagida 1 dona o‘ramda 0,15 gr. sarg‘ish rangli o‘tkir hidli kukunsimon modda borligi aniqlandi. Mazkur fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “Niva” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida esa salon ichida 1 dona o‘ramda 0,58 gr. sarg‘ish rangli o‘tkir hidli kukunsimon modda topildi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaroning To‘rtko‘l tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida uy xonalaridan biridagi kontramarka pechining ustida 1 dona shaffof sellofan paketga solingan 3,49 gr. sarg‘ish rangli o‘tkir hidli kukunsimon modda borligi aniqlandi.
Tegishli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqarodan ashyoviy dalil sifatida olingan moddalar “Geroin” deb nomlanishi hamda uning sof og‘irligi 4,82 gr.ga teng ekanligi tasdiqlandi.
E’tiborlisi, ushbu fuqaro Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan muqaddam ham sudlangan. O‘ziga berilgan jazodan munosib xulosa chiqarmagan fuqaro, minglab insonlar umriga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan navbatdagi jinoyatga qo‘l urdi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA