Gruziya Bosh vaziri Texnoparkda
O‘zA avval xabar berganidek, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi delegatsiya 18-19 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi Texnoparkda bo‘lib, majmua faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Gruziyalik mehmonlarga u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan ushbu sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar yasalayotgani aytildi.
[gallery-7956]
Bilamiz, ushbu tovarlar xorijiy brendlar nomida va ularning nazorati ostida tayyorlanishi bois xaridorgir. Sifat va narx mutanosibligi bilan qo‘shni mamlakatlar bozoridan ham o‘rin egallayapti.
Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davom etmoqda. Ertaga – 19 iyul kuni ikki tomonlama kengaytirilgan muzokaralar, gruziyalik shoir Shota
Rustaveli haykalining qayta ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
B.Xudoyberdiyev,
N.Haydarov (surat),
O‘zA