Gruziya bilan hamkorlik ko‘lami kengayadi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Natiya Turnava bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati hamda aloqalarni chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilindi.
Konstruktiv muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik rivojidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etib, turli darajadagi munosabatlarni faollashtirish orqali investitsiyaviy va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan yaqin hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini bildirdi.
Kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan fikr almashilib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda bank-moliya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy sheriklik ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirish uchun yetarli imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.
Tomonlar xalqaro yuk tashish bilan bog‘liq muammolarni vaqtida aniqlash va bunday muammolarning oldini olish maqsadida ikki mamlakat savdo hamda transport vazirliklari o‘rtasida muntazam aloqa o‘rnatish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldi.
Turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi – Gruziya tomoni turizm biznesi sohasida tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonga press-tur tashkil etish uchun mamlakatning yetakchi xususiy kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Muzokara yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sheriklikka oid yuzaga chiqayotgan masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida tegishli vazirlik, idoralari darajasida muntazam ravishda muzokara hamda videokonferensiya o‘tkazish amaliyotini faollashtirish lozimligi ma’qullandi.
Shuningdek, ikki mamlakat vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Ishchi guruhning asosiy vazifasi o‘zaro savdo tarkibi va hajmini kengaytirish bo‘yicha taklif hamda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish, shu bilan birga, ikki davlat hududlarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatini o‘rganishdan iborat bo‘ladi.