Gonkong. Bir mamlakat - ikki tizim
Kuni kecha Xitoyda Gonkongning mamlakat yurisdiksiyasiga kirgani 25 yilligi keng nishonlandi.
Tantanada madhiya sadosi ostida bayroqlar ko‘tarildi. Bayram tadbirida ishtirok etish uchun Xitoy raisi Si Szinpin rafiqasi bilan so‘nggi besh yilda ilk bor Gonkongga tashrif buyurdi. Bu mamlakat rahbarining pandemiyadan keyingi materik Xitoydan tashqariga qilgan ilk safari bo‘ldi.
Gonkong ma’muriyati yangi rahbari Jon Li bayram nishonlanayotgan kuni qasamyod qabul qildi. Li politsiyada va boshqa turli huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlagan. Shu yil 8 mayda Gonkong ma’muriy rahbarligiga muqobil nomzodlarsiz kechgan saylovda yagona nomzod sifatida ishtirok etib, saylandi.

Jon Li zimmasida amalga oshirilishi kutilayotgan ko‘plab vazifalar turibdi. Birinchi navbatda u mintaqaning kelgusidagi uzoq muddatli iqtisodiy rivojiga tamal toshi qo‘yishi, Xitoy bilan integratsiyalashuvni kuchaytirish kerak. Si Szinpin mintaqa yangi ma’muriyatini "ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun sa’y-harakatni kuchayirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, Gonkongning xalqaro moliyaviy, savdo va kema qatnovi markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash"ga chaqirdi.
“Bir mamlakat – ikki tizim” tamoyili amalda

1997 yil 1 iyulda yarim asrdan ziyod mustamlakachilikdan keyin Gonkong “bir mamlakat – ikki tizim” formulasi asosida Xitoy tarkibiga qaytdi. Shundan buyon ushbu “kapitalizm orolchasi” atalmish yirik moliyaviy markaz XXRning maxsus ma’muriy tumani hisoblanadi. Gonkong 2047 yilgacha, ya’ni kelgusi 50 yil mobaynida mudofaa va tashqi siyosatdan tashqari barcha masalada muxtoriyat huquqini saqlab qoldi.
50 yillik o‘tish davrida hududga ko‘p masalada mustaqillik, ijtimoiy-iqtisodiy tizim hamda “mahalliy turmush tarzi” o‘zgarmasligi kafolati berilgan. Shahar erkin port, alohida bojxona hududi maqomini saqlab qolgan. Gonkong o‘z pul birligi, ijro hokimiyati, qonunchiligi va sud tizimi (ingliz huquqi normalariga asoslangan)ga ega, mustaqil ravishda immigratsiya va soliq siyosatini olib boradi.
Mazkur megapolis XXRning ko‘plab mamlakatlar bilan savdo munosabatida aososiy vositachi hisoblanadi. Qolaversa, Gonkong materik Xitoyning eng yirik investori, xorijiy sarmoyadorlarni jalb qiladigan muhim moliyaviy markazi ham.
Darvoqe, pandemiya tufayli Gonkong ushbu maqomdan ayrilishiga bir bahya qoldi. Karantin shaharni tashqi dunyodan uzdi. Mahalliy hokimiyat shu yil 1 maydan boshlabgina xorijliklarning shahar hududiga kirishiga ruxsat berdi: shunda ham emlanganlik va bir haftalik karantinda o‘tirish sharti bilan. Ushbu tartib, tabiiyki, xalqaro biznes vakillari faoliyati uchun jiddiy noqulaylik tug‘diradi.
Gonkong osmoni doim mussaffo bo‘lmagan
2020 yil milliy xavfsizlik himoyasi bo‘yicha qonun qabul qilinishiga qarshi Gonkongda norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan. Ushbu huquqiy hujjat, Pekin ta’kidlaganidek, terrorchilik, ayirmachilik, davlat hukumatini izdan chiqarish, xorijiy kuchlar bilan til biriktirishga qarshi qaratilgan. Qonunda aybdorlarni, hatto, umrbod qamoq jazosiga tortish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat qabul qilingach, muxolifatning ashaddiy faollari hukumatga qarshi faoliyatini to‘xtatdi. Tartibbuzarlarning ayrimlari xorijga chiqib ketdi, boshqalari jinoiy javobgarlikka tortildi. Jon Lining sa’y-harakati bilan shaharda qator muxolifat nashrlar yopildi, namoyish barham topdi.

Yangi ma’muriyat endi mazkur murakkab mintaqani uzoq muddatli taraqqiyot va farovonlik yo‘liga olib chiqishi lozim. Qolaversa, joriy yil birinchi choragida Gonkongning yalpi ichki mahsuloti 4 foiz tushib ketdi, pandemiya tufayli ishsizlik darajasi ham oshgan.
Lining o‘zi iqtisodiy, moliyaviy masalalarda tajribasi yo‘qligini tan olgan bo‘lsa-da, kuchli boshqaruv jamoasi tuzganini ta’kidlab, professionallar fikriga doim quloq solishini ma’lum qildi.

Xullas, Gonkongda muammo yetarli va yangi ma’muriyat bu borada “aniq natijaga erishishni” mo‘ljallashi kerak. Masalan, shaharda uy-joy haddan ziyod qimmatligi, jamiyat ijtimoiy tabaqalangani, yoshlar shahardan chiqib ketayotgani hoziroq hal qilinishi kutilayotgan muammolar hisoblanadi. Xalqaro maydondagi imijni ham to‘g‘rilab olishi zarur, chunki g‘arb mamlakatlari Gonkongni muxtoriyatni kamsitish, demokratiya huquqi, muxolifat faoliyati va matbuot erkinligini cheklashda ayblab kelmoqda. Jon Lining o‘zi esa 2020 yil avgustdan buyon amerika sanksiyasiga uchragan Xitoy siyosatchilari ro‘yxatida turadi.
Gonkongni kim boshqarishi kerak?
Xitoy hukumati ta’kidlashicha, Gonkongda vaziyat to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda. O‘tgan yil mahalliy saylov tizimida amalga oshirilgan islohot, xavfsizlik haqidagi qonun mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga imkon beradi. Pekin tomonidan amalga oshirilgan saylov islohoti “Gonkongni vatanparvarlar boshqaradi” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan. Bu mahalliy parlamentda endi muxolifatga o‘rin yo‘q, degani. Ayni ta’kid 2021 yil 19 dekabrda Qonunchilik kengashiga bo‘lib o‘tgan saylov yakuni bo‘yicha yana bir bor tasdiqlandi. Ya’ni, ilk bor ovoz berish jarayoni muxolifat vakillarisiz o‘tkazildi va kutilganidek, g‘arbning tanqidiga sabab bo‘ldi.
Integratsiyalashuv jarayoni qanday kechadi?
Gonkong ustidan nazorat kuchaytirilganiga qaramay, Pekindagi markaziy hukumat “bir mamlakat - ikki tizim” formulasini saqlab qolishga va’da bermoqda. Maqsad shuki, Gonkong Xitoy iqtisodiyotini tashqi dunyo bilan bog‘lovchi maqomi va o‘rnini mustahkamlab olishi zarur. Shu bilan birga mintaqa mamlakat taraqqiyotiga faol integratsiyalashuvi ham kerak. XXR hukumati vakillari ta’kidicha, xavfsizlik haqidagi qonun joriy qilinishi investorlarni cho‘chitib yuborgani yo‘q. Aksincha, biznes muhiti barqarorlashuviga imkon beradi.

Pekin Gonkong tadbirkorlar doirasini mamlakatni rivojlantirishda faol ishtirok etishga, buning uchun ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning 14-besh yilligi (2021-2025) imkoniyatidan samarali foydalanishga chaqirmoqda. Bu yerda gap Gonkongning Katta ko‘rfaz mintaqasiga integratsiyalashuvini kuchaytirish haqida ketmoqda. Ayni jarayonga Xitoyning Guandun, Gonkong va Makao viloyatlaridagi to‘rtta shahar qo‘shilgan bo‘lib, hozir bu hududlar o‘ziga xos investitsiyaviy jozibadorligi bilan iqtisodiy rivojlanish yo‘lida istiqbolli hudud sifatida baholanmoqda. Britaniyaning sobiq anklavi, Gonkongning ushbu loyihada ishtirok etishi moliya, aviatsiya, texnologiya va boshqa sohalarini rivojlantirishga qo‘shimcha quvvat berib, mamlakatning umumiy taraqqiyotiga qo‘shilib ketish imkonini yaratadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, aholisi 86 million kishidan iborat, yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,7 trillion dollarni tashkil etadigan, dunyodagi yirik iqtisodiyotga ega hududlar orasida to‘qqizinchi o‘rinni egallagan Katta ko‘rfazga qo‘shilish Gonkong va hamkorlar uchun ulkan imkoniyat eshigini ochadi. Zero, so‘nggi yillarda mintaqada qudratli infratuzilma yaratilmoqda. Uch yil avval bu yerda dunyodagi eng yirik dengiz ko‘prigi bunyod etildi. Gonkong, Makao va Chjuxayni bir-biriga bog‘lovchi mazkur inshootning uzunligi 55 kilometr. Qolaversa, 2023 yil foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilayotgan Chek Lap Kok aeroportining uchinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi Gonkongni Xitoyning materik qismi va dunyo mamlakatlari bilan aloqasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA