Go‘zallik va nafosat ko‘rigi
Jizzaxda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” sport musobaqasida 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar hamda 50 yoshdan oshgan ayollardan iborat jamoalar o‘zaro bahslashdi.
Jizzaxda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” sport musobaqasida 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar hamda 50 yoshdan oshgan ayollardan iborat jamoalar o‘zaro bahslashdi.O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Gimnastika federatsiyasi hamkorligida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida ommaviy sportni rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. “Gimnastika barcha uchun” an’anaviy musobaqasi ham xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi qoshidagi gimnastikaga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida 500 ga yaqin o‘g‘il-qiz sportning mazkur turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 300 nafari qizlardir. Viloyat terma jamoasi tarkibida ishtirok etayotgan maktab o‘quvchilari ushbu musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Musobaqa ishtirokchilari majburiy va erkin dasturlarga muvofiq, gimnastika elementlarini qo‘llagan holda milliy musiqaga hamohang raqslar ijro etdi. Jizzax shahrining “Jizzax go‘zallari” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
– Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida gimnastika bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilmoqda, – deydi gimnastika bo‘yicha viloyat terma jamoasi bosh murabbiyasi Nargiza Alimardonova. – Bolalar va o‘smirlar sport maktablarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, malakali murabbiylar bilan ta’minlanayotgani muvaffaqiyatlar omili bo‘layotir.
Musobaqada “Eng yaxshi dinamika”, “Eng yaxshi obraz”, “Eng yaxshi xoreografiya”, “Eng faol jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.