Global gender tafovuti indeksida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilanadi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Jahon iqtisodiy forumining “Global gender tafovuti - 2026” indeksida O‘zbekiston natijalari, ularga ta’sir etayotgan omillar hamda mavjud muammolarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Majlisda nafaqat mamlakatning reytingdagi o‘rnini yaxshilash, balki xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, mehnatiga munosib haq to‘lanishini ta’minlash, rahbarlik lavozimlaridagi ishtirokini oshirish va salomatligini muhofaza qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi. Bu borada, ayniqsa, kichik yoshdagi farzandi bor ayollarning ishga qaytishi uchun qulay sharoit yaratish, parvarish xizmatlarini kengaytirish va bandlikka to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi ish haqi tafovutini korxona va tarmoqlar kesimida tahlil qilish zarurligi qayd etildi.
Majlisda xotin-qizlarni rahbarlik, professional va texnik lavozimlarga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari va yuqori texnologiyali sohalardagi ishtirokini oshirish, ayollar salomatligiga oid ko‘rsatkichlarni hududlar va ijtimoiy guruhlar kesimida chuqur o‘rganish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Senatorlar, mas’ul vazirlik va idoralar rahbar xodimlari, mahalliy kengashlari doimiy komissiyalari a’zolari ishtirok etgan tadbirda Indeks xalqaro tashkilotlar ma’lumotlari asosida shakllantirilishini inobatga olib, milliy ko‘rsatkichlarni tegishli bazalarga ishonchli, to‘liq va o‘z vaqtida taqdim etish, bu jarayonda mas’ul vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA