Giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘lida mas’ul shaxslar va jamoatchilik birlashsa natija seziladi
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning aholi salomatligiga salbiy ta’sir qilishi hech kimga sir emas. Eng yomoni, bu illat millat genofondini xavf ostida qoldiradi.
Bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh psixiatri va narkologi, professor Zarifjon Ashurov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Giyohvandlik muammosi haqida ochiq fikr bildirish, mavjud kamchiliklarni ko‘rsatish va jamoatchilik e’tiborini ushbu jiddiy masalaga qaratish borasida qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada ochiq muhokama ham, tanqid ham kerak. Chunki muammoni ochiq ko‘rsatish kamchiliklarni aniqlash va tizimni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Albatta, giyohvandlik mavzusida jamoatchilikning ko‘proq gapirayotgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan narkotik moddalar va yashirin narkolaboratoriyalar aniqlanayotgani, tibbiyot tizimida esa psixoaktiv moddalar iste’moli bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va hisobga olish ko‘rsatkichlarining o‘zgarishiga faqat «muammo ko‘paydi» degan bir tomonlama xulosa bilan qarash to‘g‘ri emas.
Bunday ko‘rsatkichlarga bir nechta omil ta’sir qiladi. Ular orasida muammoning real tarqalishi bilan bir qatorda nazorat mexanizmlarining kuchayishi, yashirin holatlarni aniqlash, aholining murojaat qilishi, erta diagnostika va tibbiy hisobga olish sifatining yaxshilanishi ham bor.
Shuning uchun aniqlanayotgan holatlar sonining ko‘payishi ayrim vaziyatlarda muammoni avvalgidan ko‘ra faolroq aniqlash imkoniyatlari kengayganini ham ko‘rsatishi mumkin. Biroq, har bir statistik ko‘rsatkich uning dinamikasi, aniqlash usuli va qamrovi bilan birgalikda tahlil qilinishi lozim.
Bugungi asosiy vazifalardan biri – narkologiya va psixiatriya xizmatining barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash.
Maqsad – profilaktika, xavf guruhini aniqlash, diagnostika, davolash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va keyingi kuzatuvni bir-biridan uzilgan alohida jarayonlar emas, balki yagona va uzluksiz xizmat zanjiriga aylantirish. Ya’ni bemorning o‘zi tibbiyot muassasasiga kelguncha kutib turish emas, balki xavfni barvaqt aniqlash, oilagacha yetib borish va zarur yordamni insonga yaqinlashtirish muhim.
Ayni paytda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan «Aholiga narkologiya va psixiatriya xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Unda xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda psixiatriya, bolalar psixiatriyasi, narkologiya va tibbiy psixologiya xizmatlarini kuchaytirish, kadrlar tayyorlash, zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilmoqda.
Tizimni faqat tashkiliy o‘zgarishlar bilan rivojlantirib bo‘lmaydi. Zamonaviy psixiatriya va narkologiya ilm-fan, malakali kadrlar hamda xalqaro tajribaga tayanishi kerak.
So‘nggi yillarda Markaz tomonidan 20 dan ortiq xorijiy ilmiy va tibbiy markazlar bilan hamkorlik bo‘yicha memorandumlar tuzildi. Ushbu hamkorliklar mutaxassislar tayyorlash, malaka oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, teletibbiyotni rivojlantirish hamda zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Markazning ilmiy salohiyati so‘nggi besh yil ichida qariyb 1,5 barobar oshdi. Keyingi bosqichda ushbu yo‘nalish yanada kuchaytirilib, 2027 - 2030-yillarda 30 nafar PhD va 10 nafar DSc (fan doktori) ilmiy darajasiga ega yuqori malakali mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Bu raqamlar shunchaki akademik ko‘rsatkich emas. Ilmiy salohiyatning o‘sishi yangi diagnostika usullari, samarali davolash protokollari, reabilitatsiya texnologiyalari va dalillarga asoslangan profilaktika dasturlarini amaliyotga joriy etish uchun muhim asosdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, giyohvandlikka qarshi kurashish faqat narkolog yoki vazirlikning vazifasi emas. Bu – oila, mahalla, maktab va oliy ta’lim muassasalari, tibbiyot tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, OAV, nodavlat tashkilotlar va butun jamoatchilikning umumiy mas’uliyatidir.
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha bilan ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka doimo tayyor. Chunki, bizning maqsadimiz kimnidir ayblash yoki kimnidir oqlash emas, balki muammoni erta ko‘rish, uning oldini olish, bemorga o‘z vaqtida professional yordam ko‘rsatish va bir nafar bo‘lsa ham yigit yoki qizni giyohvandlikdan asrab qolishdir.
Norgul Abduraimova, O‘zA