Giyohvandlik moddalariga yo‘l yo‘q
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taalluqli idoralar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda «Qoradori – 2021» tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shofirkon tumanida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Shodlik mahallasida yashovchi, muqaddam ham giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilganligi uchun javobgarlikka tortilgan 51 yoshli ayol fuqaro T.M. ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Natijada u hovlisidagi ekin maydonida 130 tup «Ko‘knor» va 1 tup «Kannabis» giyohvand o‘simliklarini ekib parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.

Shu kuni ushbu xonadonda o‘tkazilgan tintuv tergov harakatlari davomida viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, sof vazni 93 grammga teng bo‘lgan ko‘knor giyohvand o‘simligining quritilgan holatdagi xashagi ham aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Shunday tadbirlarning biri Kogon shahrining Zirabod mahallasida yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro R.A. yashash xonadonida ham o‘tkazilgan. Tadbirlar natijasida fuqaroning tomorqasida 1 tup, uning mahalladoshi 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro R.F.ning tomorqa yerida 2 tup hamda kichkina gultuvakda yana 1 tup «kannabis» giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.

Qorako‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Osiyo mahallasida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan fuqaro B.S.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra 1 tup «Ko‘knor» o‘simligini ekib, parvarish qilib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan har bir holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Qoradori – 2021» tezkor profilaktik tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov,O‘zA