Gidroenergetika tarmog‘ida ustuvor vazifalar ijrosi kuchaytirilmoqda
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Jamiyat boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev raisligida o‘tkazilgan tadbirda Prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash hamda 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida gidroelektr stansiyalarining ishonchli va uzluksiz ishlashini ta’minlash, rejali ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, suv omborlari va gidrotexnika inshootlarini xavfsiz ekspluatatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayonlarida raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, har bir korxonada ijro intizomi va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Joriy kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida jamiyat tizimida “Favqulodda oylik” e’lon qilindi. Shu bilan birga, boshqaruv raisi rahbarligida texnik ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur guruh gidroelektr stansiyalarining texnik holatini baholash, gidroagregatlar, gidromexanik va elektr jihozlari, rele himoyasi hamda avtomatika tizimlarini tekshirish, profilaktika va ta’mirlash ishlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish va vazifalar ijrosini muntazam monitoring qilib borish belgilandi.
Yig‘ilishda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, jamiyat hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan dual ta’lim asosida hamkorlikni kengaytirib, talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda talaba-yoshlar qurilish maydonlari va ishlab chiqarish ob’ektlarida amaliy tajriba orttirmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash yuzasidan tashkiliy ishchi guruhi tashkil etildi. Uning zimmasiga jamiyat ob’ektlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, hududlarni bayramona bezatish, targ‘ibot materiallarini joylashtirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish vazifalari yuklatildi.

Yig‘ilish yakunida ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, GESlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash va Mustaqillik bayramiga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA