Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 dan ortiq gid faoliyat yuritmoqda
Gid – xorijlik sayyohlarda mamlakat, xalq haqida taassurot uyg‘otuvchi, ma’lumot beruvchi mutaxassis. Shu bois bu kasb egalari vatanparvar, yuksak ma’naviyatli, bilim va malakali bo‘lishi zarur.
Gid – xorijlik sayyohlarda mamlakat, xalq haqida taassurot uyg‘otuvchi, ma’lumot beruvchi mutaxassis. Shu bois bu kasb egalari vatanparvar, yuksak ma’naviyatli, bilim va malakali bo‘lishi zarur.21-fevral – Butunjahon gidlar va ekskursovodlar kuniga bag‘ishlab ilk bor tashkil etilgan Respublika gidlar forumida ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimiz sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, gidlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov, Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi direktori Ye.Golisheva va boshqalar Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ahamiyati, mazkur hujjatning ijrosi doirasidagi dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumki, har bir sayyoh boshqa mamlakat yoki shaharga borganida gid yordamiga ehtiyoj sezadi. Gid turistga hamroh bo‘lib, uni mehmonxonaga joylashtirish, sayohatlarga olib borish, turli qiziqarli ma’lumotlar taqdim etish va boshqa katta-kichik ishlarni bajaradi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 400 dan ortiq gid faoliyat yuritmoqda. 2000-yildan buyon Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi soha xodimlarining malakasini oshirib kelmoqda. Markaz Samarqand va Xorazm viloyatlarida filiallariga ega, joriy yilda Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona va Qashqadaryoda ham bo‘linmalar ochilishi rejalashtirilgan.
– Mazkur sohada faoliyat yuritayotganimga o‘ttiz besh yildan oshdi, – deydi oliy toifali gid Natalya Andreyeva. – Giddan talab etiladigan eng asosiy jihat – xushmuomalalilik, tashkilotchilik hamda vatanparvarlik. Ko‘plab shogirdlar yetishtirdim. Ularga O‘zbekistonimiz tarixi va madaniyati, me’moriy obidalari, diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida to‘liq va aniq ma’lumotga ega bo‘lishni, sayyohlarga o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, mamlakatimizning boy tarixi va bugungi taraqqiyoti haqida so‘zlab berishni uqtiraman.
– O‘zbekistonda an’anaviy madaniy-tarixiy turizm bilan birga sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, gastronomik, etnografik, ekstremal, davolash-sog‘lomlashtirish, alpinizm kabi turlari ham rivojlanmoqda, – dedi Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) eksperti Kvang Nam Kim. – 2016-yili mamlakatingizning Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi Turistik gidlar uyushmalari jahon federatsiyasiga a’zo bo‘lgani soha rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi forum ham O‘zbekistonda gid-yo‘lboshchi kasbining nufuzini ko‘tarish hamda milliy sayyohlik mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, raqobatbardoshlikni oshirishga munosib hissa qo‘shadi.
Forumda turizm sohasini rivojlantirishda gid va ekskursovodlarning o‘rni, gidlar tayyorlash va malakasini oshirishning innovatsion metodlari, muzey va turistik gidlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi, gidlarga qo‘yiladigan xalqaro talablar o‘rganildi. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida mahorat saboqlari o‘tkazildi.