Germaniyada katta kurash musobaqasi boshlanmoqda
Bugun, 7 may kuni Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir boshlanadi.
Azaliy qadriyatimiz bo‘lgan kurash yurtimiz yoshlari qalbida vatanparvarlik, mardlik, olijanoblik to‘yg‘ularini shakllantiribgina qolmay, Yangi O‘zbekiston sportining yangi imkoniyatlarini xalqaro maydonda namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror asosida kurash bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda musobaqalar tashkil etish, mazkur sport turini yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoit yaratish davr talabidir.
Zero, mamlakatimiz mustaqilligi tufayli kurashning zamonaviy sport qonun-qoidasi, terminologiyasi, O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan sport formasi yaratildi. Natijada ming yillik milliy merosimiz umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashdi. Xalqaro sport maqomiga ko‘tarildi. Pirovardida, jahon sport maydonida O‘zbekistonning timsoliga aylandi. “Kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta”, “yonbosh” kabi o‘zbekcha so‘zlar xalqaro sport lug‘ati tarkibidan o‘rin egalladi.
Aytish joiz, 1998 yil 6 sentyabrda ta’sis etilgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bugun sayyoramizning beshta qit’asidagi 130 ga yaqin davlatlardagi federatsiyalarni birlashtirdi. 2010 yilda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi kurashish agentligi (VADA)ning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
2002 yili Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida ilk bor O‘zbek kurashining ko‘rgazmali chiqishi amalga oshirdi. 2003 yili Osiyo Olimpiya kengashining tegishli Nizomiga o‘zgartirish kiritilib, O‘zbek kurashi Osiyo sporti sifatida tan olindi. 2005 yili Shveysariyaning Lozanna shahridagi “Olimpiya” muzeyida bir yillik O‘zbek kurashi ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
2006 yili Katarda o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbek kurashi bo‘yicha 10 ta davlat vakillari ishtirokida 4 ta vaznda musobaqalar o‘tkazildi. 2007 yildan Makao, Vetnam, Tailand, Janubiy Koreya davlatlarida bo‘lib o‘tgan yopiq inshootlarda, sohil o‘yinlari va yakkakurash sport turlari bo‘yicha o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida kurash ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi va 2018 yili Indoneziyadagi yozgi Osiyo o‘yinlarida 40 dan ziyod davlatlarning sportchilari kurash medallari uchun bellashishdi. Hozirga qadar dunyoning turli davlatlarida 13 marotaba Jahon chempionati, 11 marotaba Osiyo chempionatlari o‘tkazildi.
Ajdodlardan meros kurashning boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, jahon arenasidagi rolini oshirish, uni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish mamlakat jismoniy tarbiya va sport tizimining strategik maqsadidir. Shu ma’noda, mazkur qaror asosida xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlarni tizimli o‘tkazishga erishish borasida talay ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 7-9 may kunlari Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahri mezbonlik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir ana shu yo‘ldagi muhim musobaqalardan biri hisoblanadi.
Frankfurt-Mayn kurash gilamidagi bellashuvlarda erkaklar +81 kg vazn toifasida, ayollar +63 kgda sovrinli o‘rinlar uchun kurashishadi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston va Germaniya kurash federatsiyasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan halqaro turnirda ko‘hna qit’aning 30 ga yaqin davlatlaridan kuchli polvonlar qatnashish uchun buyurtma topshirishgan.
Halolligi, olijanobligi bilan jahon sport olamida nom qozonib kelayotgan kurash Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari, yangi yutuqlariga keng yo‘l ochsa, olimpiya o‘yinlari tizimi sari yana bir shashtli qadam tashlasa, ne tong.
T.Ro‘ziyev, O‘zA