Germaniyada epidemiologik vaziyat yomonlashgan
Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax o‘tgan hafta koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat ancha yomonlashganini ma’lum qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” agentligi xabar bermoqda.
– Mamlakatda infeksiyani yuqtirish darajasi keskin oshdi. «Omikron» shtammi virusning yengil varianti ekanini ilgari surish mutlaqo noto‘g‘ri, – dedi vazir mazkur mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Manbaning yozishicha, Germaniyada payshanba kuni 250 mingdan ortiq fuqaro koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan, kunlik statistik ko‘rsatkich rekord darajaga yetgan. Ertasi kuni, 11 martda ham 252 ming 836 kishida virus aniqlangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni paytda test markazlari imkoniyati cheklangani tufayli vaziyat izdan chiqqan, bu raqamlar yana ortishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Germaniya 20 martdan boshlab koronavirusga qarshi ayrim cheklovlarni bekor qilishni rejalashtiryapti.
Ma’lumot o‘rnida, 14 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 17 million 240 ming 479 kishi COVID-19 kasalligiga chalingan, shundan 126 ming 109 nafar fuqaro virus qurboni bo‘lgan.