Germaniya Prezidenti Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer rafiqasi hamrohligida mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi. Majmuada oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
[gallery-29995]
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, xalqimizning ozod va farovon hayot yo‘lidagi ezgu intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu muazzam majmuaga yuksak ehtirom ko‘rsatdi.
Mustaqillik monumenti asrlar davomida shakllangan davlatchilik an’analarimiz, xalqning milliy qadriyatlari va ezgu orzu-intilishlarining yorqin timsolidir. Unda elimizning bunyodkorlik salohiyati, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi sa’y-harakatlari badiiy ifodalarda o‘z aksini topgan.
Germaniya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Marhabo HOJIAKBAROVA, Sarvar O‘RMONOV (surat), O‘zA