Germaniya O‘zbekistonlik migrantlarni tanladi
Migratsiya tobora takomillashmoqda. Ilgari til biladimi, kasbiy malakasi qay darajada, shu ixtisoslik kerakmi kabi savollarga javob topmay migrantlar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatlarga yo‘l olar edi. Arzimagan maoshga ko‘pchilik kommunal xizmat sohasi yoki qurilishdan ish topgan.
Endi vaziyat o‘zgardi. Yevropa, Osiyo, hatto Amerika qit’asi davlatlari O‘zbekiston fuqarolarini xorijiy tillarga o‘qitib, muayyan kasbga o‘rgatib, so‘ng munosib ish haqi to‘lanadigan tayinli kompaniya yoki korxonalarga taklif etmoqda. Bunday holat Farg‘ona viloyatida ham mavjud. Hozirgacha Germaniya va Koreya Respublikasining til va kasbga o‘qitish markazlari mavjud edi. Endi ular kengayadi.
Germaniyadagi “Prosica GmbH” – ta’lim va texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot kasbiy tayyorgarlik dasturlari, amaliy ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar transferi hamda xalqaro inson resurslari rivojlanishi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, IT va sun’iy intellekt loyihalarini amalga bilan ham shug‘ullanadi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “Prosica GmbH” kompaniyasi katta maslahatchisi Trang Do boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatda kompaniya bilan boshlangan amaliy hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni aniq mexanizmlar asosida amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniyaning ta’lim va texnologiyalar sohasidagi tajribasidan foydalangan holda yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quvchilar almashinuvi dasturlarini tashkil etish, iqtidorli yoshlar uchun stipendiya va mukofotlar joriy qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslari ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularning chet tillarini o‘rganishi, zamonaviy kasblarni egallashi va xalqaro tajriba orttirishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Hamkorlikni aniq vazifalar va bosqichlarni qamrab olgan “yo‘l xaritasi” asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Muloqot davomida ustuvor yo‘nalishlar belgilanib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar kelishib olindi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA