Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer rafiqasi hamrohligida mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Bugun, 18-iyun kuni oliy martabali mehmon Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Prezident Frank-Valter Shtaynmayyerga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy va zamonaviy ilm-fanni uyg‘unlashtirgan, qo‘lyozma manbalarni raqamli texnologiyalar asosida o‘rganishga xizmat qiluvchi yirik xalqaro ilmiy-madaniy majmuadir.

Milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy dizayn yondashuvlari uyg‘unligida bunyod etilgan markazning gumbazlari, peshtoqlari hamda nafis naqsh bezaklari uning betakror me’moriy qiyofasini namoyon etadi.

Oliy martabali mehmonga xalqimiz tarixiy taraqqiyotining muhim bosqichlarini yorituvchi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” bo‘limlari batafsil tanishtirildi. Ushbu ekspozitsiyalarda mazkur davrlar tarixi noyob ashyolar, qo‘lyozma manbalar, fotomateriallar va zamonaviy multimedia vositalari orqali yoritilgan.

Delegatsiya vakillari Qur’oni karim zalida bo‘lib, islom olamining eng nodir yodgorliklaridan bo‘lgan qadimiy Usmon Mushafi bilan tanishdi. Ushbu noyob manba o‘zining ulkan tarixiy va madaniy ahamiyati bilan tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldiradi.

Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer davlatlararo madaniy muloqot va ma’naviy yaqinlikni mustahkamlab, global sharoitda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Sarvar O‘RMONOV (surat),
O‘zA